Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronda yangi oyatulloh qanday saylanadi?
Eronda oliy rahbar lavozimi bo‘shab qolganidan so‘ng yangi oyatulloh saylash va nomzodlar masalasi muhokama qilinishi aniq. Ayni vaqtda mamlakatda muvaqqat hukumat tuzilib, uch asosiy shaxs prezident, oliy sud raisi va yuqori martabali ruhoniy vaqtinchalik hokimiyatni boshqarmoqda. Shuningdek, amaldagi prezident Pizishkiyon izolyatsiya qilingani haqida ham xabarlar bor.
Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar shu haqida so‘z yuritdi.
Eronda oliy rahbar saylanish tartibi qanday va bu mas’uliyatga munosiblar kimlar?
Shavkat Ikromov: Birinchidan, Eron o‘zini Eron Islom Respublikasi deb e’lon qilgan va o‘ziga xos, deyarli muqobili yo‘q boshqaruv tizimiga ega. Bunday tizim boshqa davlatlarda deyarli uchramaydi. Ma’lum ma’noda uni Buyuk Britaniya monarxiyasiga qiyoslash mumkin, biroq Eronda baribir respublika shakli saqlanib qolgan. Mamlakat boshqaruvida eng yuqori lavozim oliy rahbar hisoblanadi.
Undan keyin esa ijroiya hokimiyat rahbari sifatida prezident turadi. Agar oliy rahbar lavozimi bo‘shab qolsa (masalan, vafot etishi yoki boshqa sabab bilan), yangi rahbarni tayinlash tartibi konstitutsiyada aniq belgilangan.
Bu jarayonda Ekspertlar majlisi, ya’ni 88 kishidan iborat oliy diniy-siyosiy organ hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Mazkur organ mamlakatning eng bilimli, diniy va siyosiy yetuk shaxslaridan tashkil topgan. Ular vaqtinchalik boshqaruvni shakllantiradi va yangi Oliy rahbarni tanlash jarayonini boshlaydi. Muvaqqat boshqaruv odatda uch asosiy lavozim egasidan iborat bo‘ladi: amaldagi prezident, Oliy sud rahbari va yuqori martabali ruhoniylardan biri.
Ular davlatni vaqtincha boshqarib turadi va yangi rahbar uchun nomzodlar ko‘rib chiqiladi. Nomzodlar dastlab ichki doiralarda muhokama qilinadi va keyin Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kabi kuch tuzilmalari tomonidan ham o‘rganiladi.
Yakuniy qaror yopiq jarayonda qabul qilinadi. Tarixga nazar tashlasak, 1989 yilda Ali Xominaiy aynan shunday murakkab sharoitda hokimiyatga kelgan. U Ruhulloh Humayniy vafotidan keyin tayinlangan. O‘sha paytda Eron Eron–Iroq urushidan endigina chiqqan, vaziyat og‘ir edi. Shunga qaramay, Xominaiy tasodifan tanlanmagan, u avvaldan tayyorlangan asosiy nomzodlardan biri bo‘lgan. Hozirgi vaziyatda esa ochiq signal va aniq nomzodlar haqida ma’lumotlar kam. Turli taxminlar mavjud bo‘lsa-da, ichki jarayonlar yopiq holda olib borilmoqda.
Ko‘pincha ehtimoliy nomzodlar sifatida Ali Rizo A’rofiy va Ali Larijoniy tilga olinadi. Biroq ekspertlar fikricha, A’rofiy qisqa vaqt ichida harbiy tuzilmalar, siyosiy elita va jamiyatni birlashtira olish salohiyatiga to‘liq ega bo‘lmasligi mumkin. Larijoniy esa nisbatan kuchli nomzod sifatida ko‘riladi. U siyosiy tajribaga ega, xalqaro muzokaralarda qatnashgan va turli kuch markazlari bilan ishlay oladi.
Eng muhimi, u mamlakat ichidagi asosiy uch kuch — armiya, siyosiy elita va jamiyatni birlashtira oladigan shaxs sifatida baholanmoqda. Bundan tashqari, u nisbatan mo‘’tadil siyosatchi sifatida tanilgan va G‘arb, jumladan, AQSh bilan muzokara olib borish imkoniyatiga ega shaxslardan biri hisoblanadi. Shu sababli uning nomzodi bugungi kunda eng real variantlardan biri sifatida tilga olinmoqda. Shu bilan birga, boshqa nomzodlar ham mavjud, ammo hozircha ular ichida eng yetakchi sifatida aynan Ali Larijoniy ko‘proq e’tirof etilmoqda.
Eronda hokimiyat uchun kurash va ichki bo‘linish xavfi bormi?
Shavkat Ikromov: Eronda rejim tuzilishi shundayki, hokimiyat va lavozimlar iyerarxiyasi aniq va puxta belgilangan. Masalan, bir qancha harbiy generallar yo‘q qilinsa ham, armiyada xavotirli holat yoki bo‘linishlar yuzaga kelmaydi. Bitta generalning o‘rniga zaxirada tayyor turuvchi boshqa kadrlar tayinlanadi va hokimiyat uzluksiz davom etadi.
Oliy rahbarlik tizimida ham xuddi shunday mexanizm ishlaydi. Ali Xominaiyning abadiy rahbar emasligi va doimiy boshqaruvni cheklangan muddat davomida amalga oshirishi Oliy assambleya tomonidan har doim nazorat qilinib kelgan.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yildan boshlab uning o‘rniga yangi rahbar tayyorlab kelingan. Xominaiyning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan va u siyosiy faoliyatda kamroq ko‘rinadigan sharoitda amalga oshirilgan. Shu sababli ichki tayyorgarlik oldindan olib borilgan bo‘lsa kerak.
Ehtimol Oliy assambleyaning 88 a’zosi yoki Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yuqori rahbarlari orasida turli tafovutlar yoki fikr ziddiyatlari bo‘lishi mumkin. Biroq tashqaridan qaraganda, Erondagi rejim mustahkam va birlashgan ko‘rinadi. Misol uchun, Ali Larijoniy va boshqa yetakchilarning bayonotlariga qaraganda, mamlakat hozir har doimgidan ham kuchliroq birlashuvga ega: “Biz birlashib dushmanni yo‘q qilamiz” degan qat’iy ruh seziladi.
Shuningdek, oliy rahbarning o‘ldirilishi diniy va siyosiy jihatdan qasos masalasi sifatida ko‘riladi. Bu holatda qasos bayrog‘i ko‘tariladi, va diniy e’tiqodga ko‘ra ichki bo‘linish yoki qarama-qarshilik xiyonat sifatida qabul qilinadi. Shu sababli, hozirgi vaziyatda ichki bo‘linishlar haqida gapirish ko‘p ham mantiqan to‘g‘ri emas va Eronga xos emas.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
15:33 / 03.04.2026
🔴 LIVE: Trampni tanqid qilgan Makron va Moskvaga borgan Pashinyan | “Geosiyosat”
15:24 / 02.04.2026
🔴 LIVE: Xitoyning taklifi va NATOdagi parchalanish | "Geosiyosat"
15:05 / 31.03.2026
🔴 LIVE: Trampga qarshi namoyishlar va Eron atrofida keskinlik | "Geosiyosat"
15:05 / 30.03.2026