Jahon | 16:47 / 12.08.2025
19939
5 daqiqa o‘qiladi

«Rus tanklari Kiyevga to‘rt soatda yetib borishi mumkin edi» – Tramp yana Rossiyani maqtadi

U Rossiya o‘z vaqtida Hitler va Napoleonni mag‘lub etganini eslatgan. Uning fikricha, generallardan biri xato qaror qabul qilmaganida, Rossiya tanklari to‘rt soat ichida Kiyevga kirgan bo‘lardi.

Foto: Annabelle Gordon / Reuters / Scanpix / LETA

Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinning AQShga kelishini «hurmat ifodasi» sifatida ko‘radi. U 11 avgust kuni Oq uydagi matbuot anjumanida shu haqda gapirdi.

Tramp Putin bilan bo‘lajak uchrashuvning asosiy vazifasi Ukrainadagi mojaroni to‘xtatishdan iborat ekanini ta’kidladi. U Alyaskadagi uchrashuv davomli uchrashuvlardan birinchisi bo‘lishi, unda kelishuv tuzish imkoniyati aniqlab olinishini bildirgan. Bundan tashqari, Amerika yetakchisi Putin va Zelenskiy o‘rtasida ham uchrashuv o‘tkazish tashabbusi bilan chiqmoqchi.

«Uning kelishuvga tayyor yoki tayyor emasligini bilib olish uchun menga ikki daqiqa yetarli bo‘ladi. Keyin men darhol Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilaman.

Alyaskada u bo‘lmaydi: u allaqachon ko‘p uchrashuvlarda bo‘ldi va bu hech qanday natija bermadi.

Putin faqat men bilan gaplashishga tayyor. Men uning ko‘nglidagini bilib olaman va agar bu to‘g‘ri kelishuv bo‘ladigan bo‘lsa, uning shartlarini yevropaliklar va ukrainlarga yetkazaman. Keyin esa Zelenskiy va Putin uchrashadi, men bilan yoki mening ishtirokimsiz. Katta ehtimol bilan, bizni hududiy almashuv kutmoqda», degan AQSh prezidenti.

Foto: Jonathan Ernst / Reuters

Tramp Zelenskiyning konstitutsiya hududiy almashuvga yo‘l qo‘ymasligi haqidagi so‘zlarini unga og‘ir botganini aytib o‘tgan.

«Zelenskiyning konstitutsiya buni taqiqlashi haqidagi gapi meni ranjitdi: ya’ni unga urush olib borish va hammani o‘ldirishga ruxsat berilgan, lekin hududlarni almashishga ruxsat berilmagan.

Rossiya ko‘plab qimmatli yerlarni, asosan okean sohillarini (katta ehtimol bilan, okean emas, dengizni nazarda tutgan. Rossiya Ukrainaning Azov dengizi sohillarini to‘liq va Qora dengiz sohillarini qisman egallagan) egallab oldi va biz bu yerlarning bir qismini Ukrainaga qaytarishga harakat qilamiz».

AQSh prezidenti Rossiyani Napoleon va Hitler ustidan g‘alaba qozongan davlat sifatida maqtagan:

«Rossiya urushqoq davlat, ular juda ko‘p urushlarni boshdan kechirgan. <...> Ular xuddi biz kabi Hitlerni yengigan. Ular Napoleonni mag‘lub etishgan.

Bir paytlar Vengriya bosh vaziridan Ukraina Rossiyani mag‘lub eta oladimi, deb so‘ragan edim. U menga savolni ahmoqona deb hisoblagandek qaradi va: „Xitoy savdoda, Rossiya esa urushda g‘alaba qozonmoqda“, dedi».

Tramp Rossiya tanklari Kiyevga yetib bora olmaganiga sababchi bo‘lgan rus generali haqida ham gapirgan.

Uning fikricha, Rossiya tanklari agar shosse bo‘ylab harakatlanganida, Kiyevga to‘rt soatda yetib borgan bo‘lardi, ammo «generallar»dan birining qishloq xo‘jaligi yerlari orqali harakatlanish to‘g‘risidagi «dohiyona» qarori tufayli mashinalar loyga botib qolgan.

«Men bu general kimligini bilmayman, ammo Vladimirni bilaman, uni har qanday buyruq berish huquqidan mahrum qilgan», – degan Amerika prezidenti.

U ukrainlarga tankka qarshi Javelin raketa tizimlari yordam berganini qo‘shimcha qilgan. Uning birinchi prezidentlik davrida ushbu texnikani yetkazib berish ma’qullangandi. «Agar men bo‘lmaganimda, janglarning dastlabki kunlarida ishdan chiqarilgan bu tanklarning barchasi <...> shosseda harakatlanganida, to‘rt soatda Kiyevda bo‘lardi», – deya qo‘shimcha qilgan Oq uy rahbari.

Katta ehtimol bilan, Tramp 2022 yilda «Vostok» guruhini boshqargan general-polkovnik Aleksandr Chayko haqida gapirgan. U o‘sha yil may oyida lavozimidan chetlatilgandi.

Qayd etish kerakki, Rossiya tanklari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning ilk kunlarida Kiyevga bir necha yo‘nalishda shosselar orqali harakatlangan zirhli texnikalar kolonnasi bilan bostirib kelgan, ammo shahar atrofida ukrain harbiylari qarshiligiga uchrab, katta yo‘qotishlarga uchragan, yakunda ortga chekinishga majbur bo‘lgandi.

Mavzuga oid