18:40 / 09.01.2020
5
143505

Angliyada o‘qish qanchaga tushadi? London universitetlarining o‘zbek talabalari bilan suhbat

Londonda oliy ta'lim olish qanchaga tushadi? Angliyada «kontrakt» narxi qancha, yashash xarajatlari-chi? Ham o‘qib, ham ishlasa bo‘ladimi? Talaba yozgi ta'tilda ishlab, kontraktining qancha qismini o‘zi to‘lay olishi mumkin?

Ko‘pchilik yoshlarni qiziqtiradigan shu va boshqa savollarga Kun.uz Buyuk Britaniyaga safari davomida London universitetlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalardan javob oldi.

Olster universitetining Londondagi filiali 2-bosqich talabasi – O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi vakili Sadrijahon Hasanov, Grinvich universiteti 1-kurs talabasi Ulug‘bek Rahmonberdiyev va G‘arbiy London universitetining 2-bosqich talabasi Firdavs Taxtamishev bilan kechgan suhbatimizda xorijda o‘qish istagidagi yoshlarni eng ko‘p qiziqtiradigan mavzularni qamrab olishga harakat qildik.

O‘qish xarajatlari qancha?

Ko‘pchilikni qiziqtiradigan birinchi masala – xarajatlar. Oldindan aytish joiz, bu borada biz grant va tanlovlarsiz o‘qishga kirib, stipendiyasiz tahsil olishdagi chiqimlarni keltirib o‘tamiz. Chunki turli grant dasturlarida g‘olib bo‘lish imkoniyati, tabiiyki, cheklangan va bu hammaga ham nasib qilavermaydi.

Xarajatlar miqdorini belgilaydigan ikki asosiy omildan biri – kontrakt narxi bo‘lsa (universitetning darajasiga qarab anchaga farq qiladi), ikkinchisi – talabaning qaysi moliyaviy darajada hayot kechirishi (studentga xos tejamkorlik rejimidan tortib, qimmat shahardagi shohona hayotgacha).

Suhbatdoshlarimizga ko‘ra, Angliyada oliy ta'lim narxi yiliga 9-12 ming funtdan boshlanadi. Aksariyat universitetlarda bakalavriat dasturi 3 yilga mo‘ljallangan. Yillik tibbiy sug‘urta 300 funtga tushadi.

O‘rtacha-minimum hisoblarda: turar-joy masalasini oyiga minimum 350-400 funt bilan hal etish mumkin; Londonda jamoat transportining talabalar uchun oylik yo‘l chiptasi 100 funt atrofida; ovqatlanish xarajatlari esa oyiga 200-300 funtni tashkil qiladi.

Talabalar ishlashi mumkinmi?

Buyuk Britaniyada talaba vizasiga ega xorijliklar o‘quv yili davomida haftasiga 20 soat ishlashlari mumkin. Amalda esa ko‘plab studentlar bu me'yordan ko‘proq ishlashadi. Talabaga o‘qishdan tashqari ishlash ma'n etilgan universitetlar ham bor.

Odatda endigina o‘qishga kirib, hali Angliyada yetarlicha tajriba to‘plab ulgurmagan talabalar soatiga 7-10 funt to‘lanadigan noto‘liq stavkadagi ishlarda («part-time job») ishlashadi. Bu – ko‘pincha kafe-restoranlar va savdo do‘konlari bo‘ladi.

Biz suhbatlashgan studentlarning aytishicha, 1-kursdan keyingi ta'til davomida haftasiga 40-50 soat va undan ham ko‘proq ishlab, 12 ming funt atrofidagi kontraktning yarmini talaba o‘zi to‘lay olishi mumkin.

«Birinchi yiliyoq ham o‘qib, ham qattiq ishlashni tavsiya qilmaymiz»

Biz suhbatlashgan, Londonda o‘qiyotgan uch student o‘qishdan tashqari ishlashadi ham. Ularning turli masalalarga munosabati turlicha bo‘lsa-da, lekin bir mavzuga kelganda yakdil fikrni qat'iy ta'kidlashdi: Angliyaga endi kelgan talaba ham o‘qib, ham o‘qish pulini o‘zi to‘lash uchun qattiq tirishib ishlashi tavsiya etilmaydi.

«Ishlash haqida gapiryapman-u, lekin 1-kursda mening ham kontraktimni to‘liq ota-onam to‘lab berishgan. Bu yordamsiz, to‘g‘risini aytaman, bola qattiq depressiyaga tushadi, o‘qishdan yiqilib ketadi... Ikkita kemani ushlayman, deb o‘rtada cho‘kib ketishi mumkin. Axir London qimmat shahar ekani hech kimga sir emas», – deydi Sadrijahon Hasanov.

Sadrijahon Hasanov

«Ota-onalar farzandini o‘qish uchun yuborishadi. Shunday ekan, talaba o‘qishiga ko‘proq diqqat qaratishi kerak. Ishlamasin emas, ishlasin, lekin o‘qishdan qolib ketmasin. Chunki u o‘qishga kelgan. Albatta, o‘zining kundalik xarajatlarini qoplay olsa, bu juda yaxshi.

Student chet elga kelyaptimi, bu – mustaqil hayotining birinchi qadamlari. O‘zi ishlashi, pul topishi, qiyinchiliklarni yengishi, hayotni o‘rganishi kerak. Va bu yo‘lning boshida ota-onaning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim», – deya munosabat bildirdi Ulug‘bek Rahmonberdiyev.

Ulug‘bek Rahmonberdiyev

«Ulug‘bek va Sadrijahonning fikrlariga qo‘shilaman. 12 ming dollar kontraktimni birinchi yili ota-onam to‘lab berishdi. Ikkinchi kurs arafasida esa, yozda o‘zim ishlab, kontraktimning hech bo‘lmaganda yarmini yig‘ib, uydagilarimga yordam qildim.

Shuni qo‘shimcha qilishni istardimki, eng yaxshisi – talabalar 1-kurs uchun to‘lovni bu yerga kelishlaridan oldin to‘liq to‘lab qo‘yishgani ma'qul. Aks holda, bu yerga kelganidan keyin ham kontrakt muammosi, ham ish topib ishlash, ham boshqa xarajatlar masalasi turadi», – dedi Firdavs Taxtamishev.

Firdavs Taxtamishev

Suhbat davomida talabalar Angliyaga qay yo‘l bilan o‘qishga kelishgani, turar joy masalasi, o‘qishdan tashqari ishlash va sarf-xarajatlar haqida imkon qadar batafsil to‘xtalib, Buyuk Britaniyada o‘qishning afzallik jihatlari haqida ham gapirib o‘tishdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top