O‘zbekiston | 02:21 / 25.12.2019
70926
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi saylov uchastkasida ovozlar soxtalashtirilgan: jinoyatga mutasaddilarning o‘zi aralashgani aytilmoqda

Kun.uz tahririyatiga Toshkent shahar Bektemir tuman 18-Visol saylov okrugidagi 105-saylov uchastkasida saylov uchastkasi a'zolari tomonidan saylov natijalari soxtalashtirilgani aks etgan videomaterial kelib tushdi.

Hodisa guvohlarining ma'lum qilishicha, saylov jarayoni yakunlanishini kutib o‘tirgan kuzatuvchilarni o‘zini «Adliya vazirligidan», deb tanishtirgan noma'lum shaxslar kuzatuvchilarning hujjatlarini tekshirish bahonasida boshqa xonaga olib chiqib ketishadi. Kuzatuvchilarning yo‘qligidan foydalanib, saylov uchastkasi mutasaddilari oldindan tayyorlab qo‘yilgan byulletenlarni saylov qutichasiga tashlagan. Ushbu holat kuzatuvchilardan birining doimiy yoniq turgan kamerasiga yozib olingan. Videoda mazkur qonunbuzarlik jamoa bo‘lib amalga oshirilgani, saylov uchastkasining ayrim a'zolari eshikka ko‘z-quloq bo‘lib turgan vaqtda boshqalari soxta byulletenlarni saylov qutisiga tashlayotgani ko‘ringan.

Ushbu saylov uchastkasida O‘zLiDep partiyasidan nomzodi ko‘rsatilgan Umid Xudoyberganovning ishonchli vakili  Rahmatilla Ataxanov mazkur holat yuzasidan MSK va prokuratura organlariga murojaat qilib, qo‘lidagi barcha dalillarni taqdim etganini ma'lum qildi. Holat yuzasidan Kun.uz ham jurnalistik surishtiruvini boshlaydi. 

Eslatib o‘tamiz, 23 dekabr kuni saylov jarayonidagi qonun buzilishlariga bag‘ishlangan «Saylovlar qonunchilikka muvofiq o‘tdi deya olamizmi?» nomli surishtiruv e'lon qilgan edik. Shuningdek, joylardan tahririyatimizga yuborilgan qator murojaatlar Bosh prokuratura hamda Markaziy saylov komissiyasiga rasmiy xat bilan yuboriladi. Kun.uz ushbu holatlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlardan izoh kutib qoladi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов

Mavzuga oid