Tekshiruvga 22 dekabr oqshomida internetda tarqalib ketgan surat sabab bo‘ldi. Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev e'lon qilgan skrinshotlarda Qudrat Husanov ismli shaxs okrug raislariga shubhali topshiriq berganini ko‘rish mumkin.

Tez orada mazkur surat haqiqiyligi va undagi Qudrat Husanov Yashnobod tumani hokimligining saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy kadrlar guruhi rahbari ekani tasdiqlandi.

Hokimlik vakili kech soat 21ga yaqin Telegram'dagi guruhda 30ta okrug raislaridan darhol protokollarning qoralama variantlarini olib kelishni talab qilgan.

Foto: t.me/xushnudbek

«Hech qaysi okrug va uchastkalar original protokolga hech narsa yozmasin», deb e'lon bergan Husanov. U «Qoralamadan nusxa ham berilmasinmi?» deya so‘ralgan savolga «Yo‘q, opa, umuman» deya javob qilgan.

Guruhdagi yozishmalarda «Hech kim protokolini rasmga oldirmasin», degan ko‘rsatma ham bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Ko‘p o‘tmay Toshkent shahar hokimligi, Markaziy saylov komissiyasi va Bosh prokuratura holat zudlik bilan nazoratga olinganini xabar qildi. 

«Ayni paytda «chernovik»lardagi ma'lumotlar hech qanday o‘zgarishsiz «chistovik» protokollarga ko‘chirilishi Yashnobod tuman saylov komissiyasi nazoratiga olingan. Qudrat Husanov hamda boshqa mas'ullarning ushbu harakati o‘rganilyapti va saylov natijalariga aralashish holati tasdiqlansa, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi», deya ma'lum qildi shahar hokimligi.

Shu bilan birga, jurnalistlar va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Toshkent davlat stomatologiya institutida joylashgan (eski «TashMI») Yashnobod tuman saylov komissiyasiga taklif etildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, avvaliga mutasaddilar tomonidan ushbu holat Oliy Majlis va shahar deputatligi uchun saylovga aloqador emasligi, faqatgina Yashnobod tuman kengashi deputatligi uchun bo‘layotgan saylovga taalluqli ekani ma'lum qilingan.