O‘zbekiston | 11:32 / 13.09.2021
18603
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 6ta bojxona posti tugatiladi 

“Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Quyidagi hududlarda toifadan tashqari maqomga ega bo‘lgan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi:

  • 2021 yil 1 oktyabrdan Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari bojxona boshqarmalarida;
  • 2022 yil 1 apreldan boshqa hududiy boshqarmalarda.

Hududlardagi 6ta bojxona posti tugatiladi. Ular:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Naymanko‘l” temir yo‘l chegara bojxona posti;
  • Qashqadaryo viloyatidagi “Qarshi tola” TIV bojxona posti;
  • Qashqadaryo viloyatidagi “Qarshi” temir yo‘l chegara bojxona posti;
  • Surxondaryo viloyatidagi “Amuzang” temir yo‘l chegara bojxona posti;
  • Farg‘ona viloyatidagi “Beshariq” temir yo‘l chegara bojxona posti;
  • Farg‘ona viloyatidagi “O‘qchi” chegara bojxona posti.

2021 yil 1 oktyabrdan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” postlari tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) ishtirokchilarining elektron bojxona yuk deklaratsiyalarini masofaviy rasmiylashtiradi.

2021 yil 1 dekabrdan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida:

  • veterinariya va fitosanitariya organlarining hujjatlarini “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali tekshiradi;
  • veterinariya va fitosanitariya organlarining tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi.

2022 yil 1 yanvardan:

  • ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlari TIF ishtirokchisiga 3 ish kuni davomida qaytariladi;
  • bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning eng kam muddati 14 kun etib belgilanadi va ushbu muddatda foizlar undirilmaydi;
  • Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida Markaziy bojxona laboratoriyasi tashkil etiladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid