Sport | 02:29 / 10.05.2023
42657
5 daqiqa o‘qiladi

Boks: O‘zbekiston vakillari kunni yo‘qotishsiz o‘tkazdi

Seshanba kungi bahslarda O‘zbekiston vakillari 5 jangda – 5 g‘alabaga erishdi. 1/4 finalda Hasanboy jahon chempioni bilan jang qiladi, Jalolov Konkabayevga qarshi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Toshkentda boks bo‘yicha jahon chempionatining 9-kuni o‘tkazildi. Seshanba kungi bahslarda muxlislarning asosiy e’tibori o‘zbekistonlik charmqo‘lqop ustalari ishtirokidagi beshta jangga qaratildi.

«Humo arena»dagi kunning hamyurtlarimiz ishtirokidagi dastlabki jangida Hasanboy Do‘smatov nimchorakfinalda Erislan Romeroga qarshi ringga ko‘tarilib, 51 vazn toifasidagi kubalik bokschini turnirdan chiqarib yubordi – 5:0.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

71 kg vazn toifasida esa Saidjamshid Ja’farov Gabriel Lanosga qarshi jang qilishi lozim edi. Ammo puerto-rikolik bokschi o‘zbekistonlik raqibiga qarshi jangdan bosh tortdi. Natijada, Saidjamshid avtomatik g‘alaba bilan chorakfinalga yo‘l oldi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Uchinchi jangda 54 kg vazn toifasida Oybek Jo‘rayev albaniyalik Ariol Zeneliga qarshi ringga ko‘tarilib, raqibiga imkoniyat qoldirmadi – 5:0.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

67 kg vazn toifasida Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev turnirdagi 2-jangini belaruslik Kiril Samadurauga qarshi o‘tkazib, hamyurtlarimizning kun davomidagi 4-g‘alabasini qayd etdi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Kunning 5-jangida 75 kg vazn toifasidagi A’loxon Abdullayev serbiyalik Almir Memichga qarshi ringga ko‘tarildi. Uch raundning ikkitasini o‘z foydasiga hal qila olgan hamyurtimiz chorakfinalga yo‘llanma oldi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

JCh-2023. O‘zbekistonlik bokschilarning 9 may kungi natijasi:

51 kg: Hasanboy Do‘smatov – Erislan Romero (Kuba) – 5:0, g‘alaba. 

71 kg: Saidjamshid Ja’farov - Gabriel Lanos (Puerto-Riko) – raqib ringga chiqmadi, avtomatik g‘alaba. 

54 kg: Oybek Jo‘rayev – Ariol Zeneli (Albaniya) – 5:0, g‘alaba.

67 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev – Kiril Samadurau (Belarus) – 5:0, g‘alaba. 

75 kg: A’loxon Abdullayev – Almir Memich (Serbiya) – 4:0, g‘alaba.

10 mayda 11ta jang: Jalolov Konkabayevga qarshi

To‘lqin Qilichev bosh murabbiyligidagi o‘zbekistonlik bokschilarni 10 may kuni ham jiddiy to‘qnashuvlar kutib turibdi. Xususan, eng og‘ir vazn toifasidagi Bahodir Jalolovning qozog‘istonlik prinsipial raqibi Qamshibek Konkabayevga qarshi jangi nafaqat o‘zbekistonlik muxlislar tomonidan, balki Qozog‘istonda ham katta qiziqish bilan kutilyapti. Chorakfinal g‘olibi yarimfinalga yo‘llanma oladi.

10 may kuni o‘zbekistonlik bokschilar ishtirokida 11ta jang o‘tkaziladi. Hasanboy Do‘smatov soat 14:00da yaponiyalik 2021 yilgi jahon chempioni Tomoya Tsuboiga qarshi chorakfinal bahslarini boshlab bersa, Bahodir Jalolov soat 21:00dan keyin yakunlab beradi. Shunday ekan, «Humo arena»da chorshanba kuni ham anshlag kuzatilsa ajab emas.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

10 may. JCh-2023 chorakfinallarida ringga ko‘tariladigan o‘zbekistonlik bokschilar ro‘yxati: 

-51 kg: Hasanboy Do‘smatov – Tomoya Tsuboi (Yaponiya) (B ring, 14:00)

-57 kg: Abdumalik Xalokov – Ishish Yusuf (Iordaniya) (B ring, 14:25 dan so‘ng)

-63,5 kg: Ruslan Abdullayev – Lounes Xamraoui (Fransiya) (A ring, 15:10 dan so‘ng)

-71 kg: Saidjamshid Jafarov – Igor Sviridchenkov (Rossiya) (B ring, 15:25 dan so‘ng)

-92 kg Lazizbek Mullojonov – Sezar La Kruz (Kuba) (A ring, 16:25 dan so‘ng)

-54 kg: Oybek Jo‘rayev – Gabriel Eskobar (Ispaniya) (B ring, 18:40 dan so‘ng)

-60 kg: Mujibillo Tursunov – Vsevolod Shumkov (Rossiya) (B ring, 18:55 dan so‘ng)

-67 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev – Roniel Iglesias (Kuba) (B ring, 19:25 dan so‘ng)

-75 kg: A’loxon Abdullayev – Filip Akilov (Vengriya), (B ring, 19:55 dan so‘ng)

-86 kg: Shohjahon Abdullayev – Alfonso Domingez (Ozarboyjon) (A ring, 20:25 dan so‘ng)

+92 kg: Bahodir Jalolov – Qamshibek Konkabayev (Qozog‘iston) (B ring, 21:10 dan so‘ng).

Mavzuga oid