Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin dengiz blokadasi bilan tahdid qildi. RF armiyasi bunga qodirmi?
Rossiyaning soyadagi floti Qora dengizda hujumga uchrashi ortidan, Vladimir Putin yana Ukrainani “dengizdan uzib qo‘yish” bilan tahdid qildi. “Shunda umuman qaroqchilik bilan shug‘ullana olishmaydi”, dedi u. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Qora dengiz frontini muhokama qilishdi.
— Rossiya Ukrainani Qora dengizdan uzib qo‘yish salohiyatiga egami?
Abduvali Soyibnazarov: Rossiya ma’lum harbiy va strategik imkoniyatlarga ega bo‘lsa-da, Ukrainani to‘liq ravishda Qora dengizdan uzib qo‘yish hozircha imkoniyatlari doirasidan tashqarida. Bu nihoyatda murakkab vazifa. Biroq Rossiya Ukrainani Azov dengizidan uzishga erishdi. 2022 yil fevral oyidagi bosqin ortidan Rossiya Zaporojye va Xerson viloyatlarining bir qator janubiy hududlarini egallab oldi, shuningdek Berdyansk va Mariupolni qo‘lga kiritdi. Bu shaharlarda joylashgan portlar Ukraina uchun Azov dengiziga chiqadigan asosiy yo‘llar bo‘lib, Rossiya ularni nazoratiga olib, Ukrainani Azov dengiziga chiqish imkonidan mahrum qildi. Bu Rossiyaning muhim yutuqlaridan biridir.
Bundan tashqari, Qrim ham strategik ahamiyatga ega. Rossiya 2014 yilda Qrimni bosib olganidan so‘ng, Qora dengiz qirg‘oqlarida yirik hududlarni nazorat qila boshladi. Hozir esa Rossiyaning navbatdagi asosiy strategik maqsadlaridan biri – Odessa va Nikolayevni qo‘lga kiritish. Bu hududlar nihoyatda muhim strategik ahamiyatga ega. Agar Rossiya bunga erishsa, Ukraina deyarli “quruqlik davlati”ga aylanib qoladi.
Rossiya avvalroq Nikolayev orqali Odessani egallashga uringan, biroq kuchli qarshilikka duch kelib, og‘ir yo‘qotishlarga uchradi. Shundan so‘ng Rossiyaning bu ikki shaharga bostirib kirish bo‘yicha harakatlari muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Bu esa Ukraina mudofaasi bu yo‘nalishlarda mustahkam ekanini ko‘rsatadi.
Hozircha Rossiyaning quruqlikdan Odessaga borish imkoniyati yo‘q. Qora dengiz flotiga sezilarli zarar yetkazilgan bo‘lsa-da, Rossiya hanuz Qora dengizda Ukraina atrofini qisman qurshab olish imkoniyatiga ega. Ammo mavjud sharoitda Odessa va Nikolayevni qo‘lga kiritishi ehtimoldan yiroq. Bundan tashqari, Janubiy Bug daryosi hududidagi suv to‘siqlari ham Rossiyaning harakatlanishini cheklaydi.
Xulosa qilib aytganda, Rossiya dengizdan turib blokadani qisman amalga oshirishi mumkin, ammo Odessa va Nikolayevni egallash hozirgi paytda juda qiyin. Bu esa Ukraina uchun strategik jihatdan nihoyatda muhim, chunki mamlakatning asosiy eksporti va importi aynan shu portlar orqali amalga oshiriladi. Shu bois Ukraina bu yo‘nalishlarda taslim bo‘lishi ehtimoldan yiroq.
Shuhrat Rasul: Rossiya hozirgi sharoitda Qora dengizda to‘liq blokada o‘rnatish qudratiga ega emas. Agar bunda yetarli imkoniyati bo‘lganida, allaqachon amalga oshirgan bo‘lardi. Sabablardan biri shundaki, urush boshlanganidan buyon Ukraina Rossiyaning flagman “Moskva” kemasi hamda yana 30 dan ortiq harbiy kemasini cho‘ktirib yuborgan. Bu Rossiya flotining imkoniyatlarini keskin pasaytirdi.
Blokada qilishning asosiy to‘sig‘i – Ukrainada mavjud zamonaviy qurollar, xususan Magura tipidagi dengiz dronlaridir. Ana shu dronlar tufayli Rossiyaning Qora dengiz floti o‘zining Novorossiyskdagi bazasidan ham chekinishga majbur bo‘ldi. Vaziyat shunchalik og‘irlashdiki, flot qoldiqlari Ukrainaning dronlari yetib bora olmaydigan masofaga – Abxaziyadagi Gagra portigacha chekinib ketdi. Bu Rossiya uchun strategik jihatdan nihoyatda noqulay holatdir.
Hozir Qrim yarimoroli yaqiniga, ayniqsa uning g‘arbiy qismiga yaqinlashgan har qanday rus harbiy kemasi Magura dronlari tomonidan zarbaga uchrash xavfi ostida turadi. Shuning uchun ham Rossiya flotining faol harakat qilish imkoniyati keskin cheklangan. Natijada Rossiya dengiz blokadasi o‘tkaza olmayapti. Buning oqibatida Odessadan chiqqan barcha yuk kemalari hech qanday to‘siqsiz Qora dengiz orqali o‘tib, Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlariga chiqyapti va jahon okeaniga bemalol kirib ketmoqda. Agar Rossiya haqiqatan ham blokada o‘tkaza olganida, bu transport yo‘llari ishlayotgan bo‘lmas edi.
Nazariy jihatdan quruqlik orqali Odessani egallash masalasiga to‘xtalsak, bu ham amalda imkonsiz. Rossiya armiyasi hozirda umumiy mobilizatsiya e’lon qilmayapti, sababi bunday qaror mamlakat ichida jiddiy norozilik va ijtimoiy beqarorlikni kuchaytirishi, hatto ichki siyosiy inqirozga olib kelishi mumkin. Mobilizatsiya resurslari yetishmayapti, texnikalar eskirgan, kritik qurollar tanqis va mavjud harbiy salohiyat bilan katta harbiy amaliyot qilish qiyin.
Hozirgi imkoniyatlar bilan nafaqat Odessaga yoki Qora dengizda natijaga erishish, balki Donbassning qolgan 20 foizini egallash masalasi ham katta savol ostida turibdi.
Shvetsiya va AQShdagi yetakchi harbiy-tahliliy institutlar olib borgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiya hozirgi sur’at bilan harakat qiladigan bo‘lsa, Donbassning qolgan, nisbatan kichik ikki tumandan iborat hududini 2028 yil oxirigacha zo‘rg‘a egallashi mumkin.
Shu mantiqqa ko‘ra, agar Rossiya xuddi shu sur’atni saqlab qolsa, Odessaga yetib borish nazariy jihatdan 2099 yildan ham kechroq sodir bo‘lishi mumkin – agar bunga umuman erishish imkoniyati qolsa.
Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
09:57
Ayrim o‘zbekistonliklar Vladivostok aeroporti orqali Rossiyaga kiritilmadi
08:52
O‘zbekistonlik ayol va uning uch farzandi Rossiyadan olib kelindi
08:19
Tramp Kiyevga yordamni to‘xtatish bilan tahdid qildi
20:35 / 01.04.2026