Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada naqdsiz to‘lovlarda ommaviy uzilish kuzatildi. Bu VPN'larni bloklashga urinish bilan bog‘lanmoqda
Rossiyada 3 aprel kuni to‘lov tizimlari ishlashida ommaviy uzilishlar ro‘y berdi: kartadan to‘lovlar, pul o‘tkazmalari va naqd pul yechish funksiyalari bir muddat ishlamay qoldi. Telegram asoschisi Pavel Durov bu uzilishlar mamlakatda VPN'larni bloklashga urinish oqibati bo‘lganini aytmoqda. Avvalroq bu bog‘liqlik haqida yozgan ayrim mahalliy manbalardagi xabarlar o‘chirilgan.
Foto: Asatur Yesayans / Sputnik / Profimedia
So‘nggi vaqtlarda Rossiyada internet cheklovlari ortib borishi bilan, VPN ishlatadigan foydalanuvchilar soni oshib bormoqda.
Juma kuni to‘lov tizimlarining ishlamay qolishi borasida hali to‘liq rasmiy izoh berilganicha yo‘q. Bu nosozlik sabab Moskva metrosi odamlarga turniketdan pul to‘lamay o‘tishga ruxsat berishga majbur bo‘ldi. Ko‘plab joylarda mijozlar faqat naqd pulda to‘lov qilishiga to‘g‘ri keldi.
Rossiyaning eng yirik banki Sberband “texnik nosozlik” haqida xabar berdi, lekin aniq tafsilotlarni ochiqlamadi. Ayrim rus nashrlari to‘lovlardagi uzilish – hukumatning ayrim saytlar yoki VPN'larni bloklashga urinishlari ortidan kelib chiqqani haqida yozdi, lekin keyin bu xabarlarini o‘chirib yubordi.
“Rossiyada Telegram bloklangan edi, shunga qaramay 65 million rossiyalik VPN orqali har kuni undan foydalanyapti, kuniga 50 milliontadan ortiq xabar yuboryapti. Hukumat yillardan beri VPN'ni ham bloklashga urinib keladi”, – deya yozdi Pavel Durov.
U bir necha yil oldin Eron ham Telegram'ni taqiqlab, xuddi Rossiyaga o‘xshash natija olganini qayd etdi. “[Eron] hukumati zimdan kuzatiladigan messenjerlarni ommaviy joriy etishga umid qilgan edi, lekin uning o‘rniga VPN'larni ommaviy joriy qilib qo‘ydi”, – dedi Durov.
Telegram asoschisi Eron va Rossiyada VPN ishlatayotgan o‘nlab million internet foydalanuvchilarini “Raqamli Qarshilik a’zolari” deb atagan. Uning qayd etishicha, talab oshgani tufayli hozir minglab odamlar VPN'lar va proksi servislarni yaratish ustida ish olib boryapti.
“Biz esa moslashishda davom etamiz: Telegram'dagi traffikni aniqlash va bloklashni yanada qiyinroq qilamiz”, – deya yozdi Pavel Durov.
Fevral oyi oxirida Rossiya rasmiylari Telegram'ni 1 aprelgacha to‘liq bloklash niyatida ekani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bunday bo‘lganicha yo‘q, lekin mart oyidayoq Rossiyadagi ko‘plab foydalanuvchilarda ushbu messenjer VPN'siz ishlamay qoldi.
Raqamlashtirish vazirligi mamlakatda VPN'dan foydalanishni kamaytirish vazifasi qo‘yilganini tasdiqlagan.
Mavzuga oid
09:00 / 05.04.2026
Naqdga bitmas bitimlar va soliqdan norozi san’atkorlar - hafta dayjesti
09:50 / 04.04.2026
Ukrainaga kuchli zarbalar: qurbonlar soni kamida o‘n kishiga yetdi
10:35 / 03.04.2026
Rossiyada jazo o‘tayotgan 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik qaytarilishi mumkin
09:04 / 03.04.2026