Jahon | 12:03 / 23.04.2026
2635
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina muzokaralarini qayta boshlashga bel bog‘ladi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni qayta tiklash ustida ish olib borayotganini bildirdi. Bundan avval Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Anqaradan Zelenskiy va Putin uchrashuvini tashkil etishda yordam so‘ragan edi.

Foto: Getty Images

Turkiya 28 fevraldan beri, ya’ni AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng amalda to‘xtab qolgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini qayta jonlantirish uchun sa’y-harakat qilmoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 22 aprel, chorshanba kuni Anqarada NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda ma’lum qildi. Uchrashuv mazmuni haqida Reuters agentligi turk prezidenti matbuot xizmatiga tayanib xabar bergan.

“Erdo‘g‘an Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush tinch yo‘l bilan yakunlanishidan manfaatdor ekanini, shuningdek, muzokaralarni qayta tiklash va muloqotni liderlar darajasida boshlash ustida ish olib borilayotganini aytdi”, — deya keltirgan agentlik prezident ma’muriyati izohini.

Keyinroq Erdo‘g‘an matbuot xizmati Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti haqida ham ma’lumot berdi. Suhbat chog‘ida Turkiya rahbari, jumladan, AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi “Yevropani ham zaiflashtira boshlaganini” ta’kidladi. Shu bilan birga, u Ukrainadagi urushni ham tilga oldi: “Prezident Erdo‘g‘an Turkiya, Eron masalasida bo‘lgani kabi, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush yakunlariga ko‘ra mustahkam tinchlikka erishish va mojaroni muzokaralar orqali tugatish uchun sa’y-harakat qilayotganini bildirdi”.

Yaqinda Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga 17–19 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Antaliya diplomatiya forumida qatnashib, “Ukrinform” davlat agentligiga bergan intervyusida Kiyev Anqaraga Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin hamda Volodimir Zelenskiy uchrashuvini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, imkoniyat bo‘lsa, bu tadbirda Erdo‘g‘an va AQSh prezidenti Donald Tramp ham ishtirok etishi mumkin.

“Biz bu urushga nuqta qo‘yishni istaymiz. Bizning amaliy takliflarimiz bor. Turkiyaning roliga umid qilyapmiz, chunki u tinchlik jarayonini tezlashtirishi mumkin”, — degan edi Sibiga.

Sibiganing ushbu bayonoti ortidan Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya prezidentining Zelenskiy bilan uchrashuvi “faqat kelishuvlarni yakuniylashtirish uchun” mumkinligini aytdi. U shunga o‘xshash bayonotlarni, masalan, 2025 yil may va iyul oylarida ham bergan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid