O‘zbekiston | 12:32 / 29.12.2020
10876
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat boshqaruvi xodimlari soni optimallashtiriladi 

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi xodimlari soni o‘rtacha 15 foizgacha optimallashtiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada ma'lum qildi.

Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisobidan xodimlar sonini va ish jarayonlarini optimallashtirish choralari ko‘rilmayotgani tanqid ostiga olindi.

«Shuning uchun, Hukumat ikki oy muddatda boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar va funksiyalarni, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha hujjatlar loyihalarini tayyorlasin. Bunda davlat boshqaruvi xodimlari sonini o‘rtacha 15 foizgacha optimallashtirishni nazarda tutish zarur.

Kelgusi yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60 taga ko‘paytirib, ularni 300 taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarur.

Ikkinchidan, boshqaruv idoralarining hududiy masalalarni hal qilishdagi mas'uliyat va javobgarligi kuchaytiriladi.

Kelasi yil boshidan har bir vazirlik o‘z ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi va tashkil etadi.

Vazirlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyatiga tuman, shahar, qishloq va mahallada amalda qanday o‘zgarish bo‘lganiga qarab baho beriladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, o‘zlarining quyi tizim rahbarlari va xodimlarini yangicha talablar va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida samarali ishlashga o‘rgatish va malakasini muntazam oshirib borish uchun mas'ul bo‘ladi.

Deputat va senatorlar o‘zlari saylangan hududdagi muammolar, tegishli vazirlik va hokimliklar tomonidan qay darajada hal etilayotganini doimiy o‘rganib, nazorat qilib borishlari kerak», dedi prezident.

Mavzuga oid