Jahon | 15:59 / 06.01.2026
4964
10 daqiqa o‘qiladi

Sudda ko‘rsatma bergan Maduro, Zelenskiy atrofidagi iste’folar va Eron yetakchisining zaxira rejasi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Maduro ayblovlarni tan olmadi

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores 5 yanvar kuni Nyu Yorkda dastlabki sud majlisida ishtirok etdi.

Maduro sud zaliga oyoqlari zanjirlangan holda va mahbus kiyimida olib kelindi. U xalqaro narkokartellar bilan hamkorlikda kokain savdosi tarmog‘ini boshqarganlikda ayblanmoqda. Maduroga qarshi to‘rtta jinoiy ayblov qo‘yilgan: narkoterrorizm, kokainni import qilish bo‘yicha fitna, avtomat qurollar hamda vayronkor qurilmalarni saqlash.

Sudda Maduro o‘zining «o‘g‘irlab ketilganini» va hanuz Venesuela prezidenti ekanini e’lon qildi.

«Men aybsizman. Men aybdor emasman. Men munosib odamman. Men hanuz mamlakatim prezidentiman», — dedi 63 yoshli Maduro tarjimon orqali Manhettendagi federal sudda.

Maduroning rafiqasi Siliya Flores ham o‘zini aybsiz deb e’lon qildi. Navbatdagi sud majlisi 17 mart kuniga belgilandi. Maduroning himoyachisi Berri Pollak uning «harbiy yo‘l bilan o‘g‘irlab ketilishi» bo‘yicha katta va murakkab sud jarayonlarini kutayotganini aytdi.

Suddan bir necha soat o‘tgach Karakasda Maduroning vitse-prezidenti Delsi Rodriges Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti sifatida qasamyod qildi. U Maduroni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, biroq AQSh harakatiga qarshi chiqishini ko‘rsatmadi.

Razvedka bahosiga ko‘ra, AQShga mafkuraviy jihatdan qarshi bo‘lsa-da, Venesuela hukumati ichida tartibni saqlay oladigan kam sonli yetakchilardan biri aynan Rodriges, shuningdek, ichki ishlar va mudofaa vazirlari hisoblanadi. Shu sababli AQSh hukumatga muxoliflarni olib kelmadi, balki o‘zi bilan hamkorlik qiladigan kuchli shaxslarni qoldirdi.

Tramp ham AQSh Venesuela bilan emas, balki «narkotik sotuvchilar bilan urushayotganini» aytdi. U Venesuela muammolari hal qilinmasdan turib saylov o‘tkazib bo‘lmasligini bildirdi.

Shuningdek, Tramp Venesuela neft boyliklaridan foydalanish niyatini yashirmayapti. U amerikalik kompaniyalar Karakasga qaytib, 18 oydan kamroq muddatda neft infratuzilmasini tiklashini aytdi.

Isroil yana sulhni buzdi

5 yanvar kuni Isroil harbiylari G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahriga bergan havo zarbasi oqibatida kamida ikki falastinlik, jumladan, bir qiz halok bo‘ldi. Yana to‘rt kishi, jumladan, bolalar ham yaralandi. Isroil harbiylari zarba Hamas nazoratidagi hududga berilganini, unda guruh jangchisi nishonga olinganini aytdi.

G‘azodagi markaziy Nasir shifoxonasi mas’ullariga ko‘ra, o‘sha kunning o‘zida, bundan avvalroq berilgan Isroil zarbasi oqibatida shikastlangan uy ham qulab tushgan. Natijada ota va o‘g‘il halok bo‘lgandi.

Oktyabr oyida AQSh vositachiligida erishilgan kelishuv kuchga kirib, janglarning asosiy qismi to‘xtatilganidan beri Isroil G‘azoda takroriy havo hujumlari o‘tkazib kelmoqda. G‘azo sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, sulh kuchga kirganidan beri Isroil 422 nafar falastinlikni o‘ldirgan. Shu davr ichida G‘azoda uch nafar isroillik askar o‘ldirilgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp vositachiligida tuzilgan kelishuvning birinchi bosqichiga ko‘ra, Isroil G‘azoning 53 foiz hududi ustidan nazoratni saqlab qolmoqda. Hamas garovga olingan so‘nggi jasadni topshirganidan keyin sulhning ikkinchi bosqichi boshlanishi kutilmoqda.

G‘azodagi vaziyat bo‘yicha dushanba kuni Donald Tramp va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an telefon orqali suhbatlashgan. Bir hafta oldin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham AQShga borib, Tramp bilan bu masalada gaplashib kelgandi.

Zelenskiy UXX rahbarini ishdan oldi

5 yanvar kuni prezident Volodimir Zelenskiy Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyukni ishdan oldi. Prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin Malyuk o‘z lavozimini tark etayotgani, ammo «UXX tizimida qolishi, kelgusida dushmanga maksimal zarar yetkazadigan operatsiyalarni amalga oshirishda davom etishi»ni aytdi. U aynan qanday lavozimni egallashi hozircha ma’lum emas.

Vasiliy Malyuk rahbarligi davrida Ukraina xavfsizlik xizmati ko‘plab shov-shuvli amaliyotlarni o‘tkazgan: Qrim ko‘prigidagi portlashlar va «Pautina» operatsiyasi shular jumlasidan.

Reutersʼga anonim tarzda gapirgan yuqori martabali ukrain rasmiysiga ko‘ra, Malyukka tashqi razvedka xizmatini boshqarish taklif qilingan, biroq u rad etgan.

Dam olish kunlari Malyukning ketishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalganidan so‘ng ayrim qo‘mondonlar uni himoya qilib, lavozimida qolishi kerakligini aytib chiqishgan edi. Lekin unday bo‘lmadi.

General mayor Yevgeniy Xmara Ukraina Xavfsizlik xizmatining vaqtinchalik rahbari etib tayinlandi. Xizmat Xmarani elita «Alfa» bo‘linmasida xizmat qilgan va uni boshqargan tajribali qo‘mondon sifatida ta’riflagan.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi to‘rt yillik chegaraga yaqinlashar ekan, Kiyevda yuqori lavozimli amaldorlarni qayta joylashtirish davom etmoqda.

O‘tgan hafta Zelenskiy harbiy razvedka rahbari Kirill Budanovni – korrupsiya mojarosi fonida lavozimidan olingan Andrey Yermak o‘rniga prezident apparati rahbari etib tayinlagandi. Shuningdek, mudofaa va energetika vazirlari ham yangilanadi.

Erondagi namoyishlar

Eron hukumati namoyishlar mamlakat bo‘ylab kengayayotgan bir paytda iqtisodiy bosimni yumshatish uchun fuqarolarga har oy taxminan 7 AQSh dollariga teng to‘lov berilishini e’lon qildi.

New York Times'ning yozishicha, bu xabar dushanba kuni hukumat matbuot kotibi Fotima Mohajyerani tomonidan Eron davlat televideniyesida qilingan. Uning aytishicha, bu chora «uy xo‘jaliklarining» xarid qobiliyatini saqlab qolish, inflatsiyani nazorat qilish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Bu reja uzoq yillardan beri amal qilib kelgan import subsidiyalaridan voz kechib, aholiga bevosita yordam ko‘rsatish siyosatiga o‘tishni anglatadi. Rejaga ko‘ra, har yili importlarni subsidiyalashga sarflangan qariyb 10 milliard dollar endi to‘g‘ridan to‘g‘ri aholiga beriladi. Mehnat vazirining aytishicha, bu to‘lovlar taxminan 80 million kishiga beriladi.

Ushbu to‘lovlar — Eronda savdogarlar, bozor egalari va universitet talabalari ishtirok etgan keng ko‘lamli noroziliklar fonida e’lon qilindi. Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Erondagi namoyishlar kamida 78 shahar va 222 hududni qamrab olgan. Namoyishchilar 86 yoshli oliy rahbar Ali Xominaiy boshchiligidagi tuzumning tugatilishini talab qilmoqda. To‘qnashuvlarda kamida 20 kishi halok bo‘lgan, mingga yaqin namoyishchilar hibsga olingan.

The Times gazetasi o‘z ixtiyoriga kelib tushgan razvedka hisobotiga tayanib yozishicha, hukumat Erondagi namoyishlarni bostira olmasa, mamlakat oliy rahbari Ali Xominaiy uchun zaxira rejasi bor.

Hujjatga ko‘ra, agar armiya va xavfsizlik kuchlari namoyishchilar tomonga o‘tsa yoki buyruqlarni bajarmay qo‘ysa, 86 yoshli Xominaiy eng yaqin yordamchilari va oila a’zolaridan iborat 20 kishi bilan Moskvaga qochishni rejalashtirgan bo‘lishi mumkin.

Janubiy Koreya prezidenti Xitoyda

Janubiy Koreya prezidenti Li Jye Myon Pekinda Si Jinping bilan uchrashib, Xitoy bilan munosabatlarda «yangi bosqich»ni boshlashga chaqirdi. Bu 2019 yildan beri Janubiy Koreya yetakchisining Xitoyga ilk tashrifidir.

Lining Xitoydagi to‘rt kunlik tashrifida — mintaqaviy xavfsizlik va koreys pop-madaniyatiga qo‘yilgan Pekinning norasmiy taqiqini bekor qilish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lib turibdi.

Janubiy Koreya ham yaponlar kabi AQShning xavfsizlik bo‘yicha ittifoqchisi, biroq savdo jihatidan Xitoyga ham tayanadi. Mutaxassislarning aytishicha, Li Pekin va Tokio o‘rtasidagi diplomatik «nozik arqon» ustida yurishda davom etishi kutilmoqda.

Uchrashuvda ikki mamlakat hukumatlari, kompaniyalari texnologiya, savdo va atrof-muhit bo‘yicha bir qator hamkorlik bitimlarini imzoladi. Li, shuningdek, o‘tgan yili Si sovg‘a qilgan Xiaomi telefoni orqali selfi olib, uni maqtab qo‘ydi.

Si esa Koreya yetakchisini «tarixning to‘g‘ri tomonida qat’iy turishga va to‘g‘ri strategik tanlovlar qilishga» chaqirdi.

Uchrashuvda Koreya yarimorolidagi tinchlik masalalari ham muhokama qilingan. Lekin Pekin KXDRga qanchalik bosim qiladi, bunisi noma’lum. Chunki Xitoyning o‘zi ham Janubiy Koreyaning AQSh bilan yangi harbiy rejalaridan norozi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid