08:38 / 13.02.2019
27191

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish mumkin bo‘ladi

Foto: Sergey Nikolayev

Vazirlar Mahkamasining “2019 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Dasturga ko‘ra, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Qayd etilishicha, bu O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635-son farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 68-bandida nazarda tutilgan.

Bildirilishicha, loyihada yuridik shaxslar va fuqarolarning binolari hamda inshootlari bilan band bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi nazarda tutiladi.

Qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha mas'ul ijrochi - Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi. Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish muddati - 2019 yil 1 aprel, Qonunchilik palatasiga kiritishning taxminiy muddati - 2019 yil 1 may.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berilgandi.

Top