01:08 / 16.11.2023
12276

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish borasida Saudiya Arabistoni bilan muzokaralarni yakunladi

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 7-yig‘ilishi arafasida, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida a’zolik bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Bu bilan, O‘zbekiston JSTga kirish borasida yakuniy kelishuv imzolagan davlatlar soni beshtaga yetdi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi doirasida Saudiya Arabistoni bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri Jyenevadan xabar bermoqda.

Bayonnomani 15 noyabr kuni JSTning Jyenevadagi bosh shtab-kvartirasida O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Aziz Urunov va Saudiya Arabistonining JSTdagi elchisi Saqer Almoqbel imzoladi.

Marosimda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya raisi Jamshid Xo‘jayev ham ishtirok etdi.

Foto: KUN.UZ

Xo‘jayev raisligidagi o‘zbek delegatsiyasi 16 noyabr kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 7-yig‘ilishida ishtirok etadi. Shu kuni Jamshid Xo‘jayev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun arizani 1994 yilda bergan, ishchi guruh ham o‘shanda tuzilgan. Ishchi guruhning 2005 yildagi 3-yig‘ilishidan keyin jarayon 15 yilga to‘xtab qolgan, 2020 yilga kelibgina 4-yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi.

Ortda qolgan uch yillik muddat muzokaralarni yakuniy bosqichga kiritish uchun yetarli bo‘lmadi. Kuzatuvchilar O‘zbekistonning a’zo bo‘lib kirishi 2025 yildan oldin ro‘y bermasligi ehtimoli yuqoriligini aytadi.

JSTga a’zo bo‘lish uchun mamlakat qonunchiligini tashkilot bitim va qoidalariga uyg‘unlashtirish, a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo shartlari bo‘yicha kelishuvlarga erishish kerak. O‘zbekiston hozirga qadar 5 ta davlat: Gruziya, Nigeriya, Turkiya, Mo‘g‘uliston va Saudiya Arabistoni bilan muzokaralarni yakunlab, tegishli bayonnomalarni imzolagan.

Top