Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Senat “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi
Davlat fuqarolik xizmatchilariga biznes egasi bo‘lish, qarindoshini ishga olish va qarindoshining bo‘ysunuvida ishlash, o‘z mavqeidan foydalanib sovg‘a va mukofot olish, respublikadan tashqarida hisobvaraq ochishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun Senat tomonidan ma’qullandi.
Foto: Oliy Majlis Senatining axborot xizmati
Oliy Majlis Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Qonun bilan davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat idoralarida mehnat qilayotgan 100 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati, ularning maqomi hamda huquq va majburiyatlari, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatiga kirish hamda ushbu tizimda korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishga oid munosabatlarni tartibga solish ko‘zda tutilmoqda.
Vakolatli organ — Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri yuritiladi hamda reyestrga kiritilgan lavozimlarga davlat xizmatchilari ochiq tanlov asosida tayinlanadi.
Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatchisiga quyidagilar taqiqlanmoqda:
- o‘zaro yaqin qarindoshlik yoki quda-andachilikda bo‘lgan shaxslar bevosita bo‘ysunuv va nazorati ostidagi davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash;
- pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish;
- tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish yoki tadbirkorlik faoliyati tashkil etib, uning muassisi bo‘lish;
- o‘z mavqeidan foydalanib yoki o‘z xizmat vazifasini bajarish evaziga jismoniy va yuridik shaxslardan har qanday turdagi mukofot yoki sovg‘a olish;
- chet el fuqaroligiga ega bo‘lish;
- respublika hududidan tashqarida bank hisobvaraqlari ochish, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka egalik qilish.
Shuningdek, davlat xizmatchisiga o‘zining daromadi va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya topshirish (deklaratsiya topshirish tartibi va muddati alohida qonun bilan belgilanadi), o‘z xizmat faoliyatiga tashqi ta’sirlarning oldini olish hamda o‘z vakolatidan foydalangan holda jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatiga noqonuniy ta’sir o‘tkazmaslik majburiyatlari yuklanmoqda.
Ta’kidlanishicha, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmaydi.
Mavzuga oid
21:55 / 14.02.2026
“Gender tenglik faoli” milliy tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
17:19 / 05.02.2026
Hokimlikka nomzodlar korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha shaxsiy rejasini taqdim etadi
16:42 / 05.02.2026
Islomiy bank faoliyatining joriy etilishiga oid qonun Senatda ma’qullandi
09:47 / 20.12.2025