Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2023 yilda Hindiston aholisi Xitoynikidan oshib ketadi. Bu nimani anglatadi?
Hozir dunyoda aholisi eng ko‘p davlat Xitoy hisoblanadi. Lekin BMT tahlillariga ko‘ra, keyingi yil bu maqomni Hindiston qo‘lga kiritishi kerak. Agar shunday bo‘lsa, bu Xitoyning qudratiga ta’sir qiladimi? Hindiston uchun bu nimalarni anglatadi?
Foto: Kun.uz
Ayni paytda Xitoy dunyoning eng ko‘p aholi mavjud davlati hisoblanadi. Keyingi o‘rinlarni esa Hindiston va AQSh egallagan.
BMT hisobotiga ko‘ra, 2023 yilda Hindiston aholisi Xitoynikidan ko‘proqni tashkil qilishi kutilmoqda. Hozir har ikkala davlatning ham aholi soni 1,4 milliarddan oshgan.
Aholi soni nimani belgilaydi?
«Aholisi eng ko‘p davlat» maqomi Xitoydan Hindistonga o‘tishi qanday ma’no anglatadi?
The Guardian nashri aynan shu savolni tahlil qildi. Nashrning yozishicha, Xitoy bu tarixiy voqea yuz bergandan keyin ham qudratli davlat bo‘lib qolaveradi va super qudratli davlat maqomiga erishish borasida AQSh bilan bellashuvi davom etaveradi. Shunchaki odamlari soniga qarab hisoblaganda eng katta mamlakat maqomidan mahrum bo‘ladi.
Mavjud tendensiyalarga ko‘ra, aholi sonidagi tafovutlar tez sur’atlar bilan kattalashib boraveradi. Biroq bu dunyo miqyosida mamlakatlar nufuzini belgilashda unchalik ham katta ahamiyatga ega emas. Sababi, mamlakatlar nufuzi investitsiya, davlat boshqaruvi kabi omillar bilan ko‘proq belgilanadi. Ya’ni aholining qancha bo‘lishi mamlakatlar istiqbolini belgilab beradigan darajada muhim emas.
Xitoyning «qarishi»
Lekin shunday bo‘lsa-da, Hindistonning aholi soni bo‘yicha Xitoydan oshib ketishi XXI asrda cheksiz yuksalishni ko‘zlagan Xitoyning chegarasizligiga shubha uyg‘otadi. Sababi, Xitoy aholisi 1,4 mlrd cho‘qqisidan so‘ng sezilarli ravishda qisqarishi prognoz qilingan.
Yevrosiyo guruhi prezidenti Yan Bremmerning qayd etishicha, Xitoyning aholi soni qisqarishi Yaponiya va Janubiy Koreyanikidan ko‘ra shiddatliroq kechadi va bu davlatlar o‘rtacha daromadli bo‘lgani uchun ham aholi qisqarishi ular uchun katta muammo.

Xitoy aholisining faqatgina soni qisqarmaydi, balki yosh profili ham o‘zgarib boradi. Ya’ni aholini yosh toifalariga bo‘lganda asosiy qatlam mehnatga layoqatli yoshdagi avlod emas, balki keksalar bo‘lib boraveradi. 2050 yilgacha Xitoyda 65 yoshdan oshgan aholi soni ikki baravar oshib, 150 mln kishidan 330 mln kishiga yetishi prognoz qilinyapti. Bu nafaqadagi odamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ham ishlaydigan mehnat yoshidagilar kamayib boraverishini anglatadi.

Albatta, Xitoy rahbariyati ish samaradorligini oshirish kabi yo‘llar bilan mamlakatning yuksalib borish yo‘llarini topishi mumkin, biroq bu vaqt o‘tgani sari ko‘proq kapital talab qilib boraveradi.
Xitoy harbiy xarajatlari mamlakatga boshqa hududlarni ta’sir doirasiga olib, resurslardan foydalanish uchun o‘ziga xos imkon berishi mumkin. Biroq agar bu reja o‘xshamasa, Pekin o‘sib boruvchi cheklovlarga moslashish uchun ko‘p kapital sarflashga majbur bo‘ladi va bu mamlakatni o‘rta daromadli iqtisod tuzog‘iga tushirib qo‘yishi mumkin.
Hindistonning yosharishi
Xuddi shuningdek, aholi soni oshishi Hindistonda ham o‘xshash dilemmalarni paydo qiladi: mamlakatning mehnatga layoqatli aholi soni oshib boradi, ularni kattalar vaqtida moliyalashtirishi kerak bo‘ladi. Hindiston bu demografik dividendni vaqtida o‘zlashtirib olishiga to‘g‘ri keladi.

«Demografik dividendlar o‘z-o‘zidan hosil bo‘lmaydi. Buning uchun mamlakatdagi mehnatga layoqatlilarning katta qismi ishlashi va ularning mehnati samarador bo‘lishi lozim», deydi Abu-Dabidagi Xalifa universiteti professori Styuart Gitel Basten.
Ba’zi mamlakatlar, masalan, Janubiy Koreya, Singapur demografik dividend taqdim etgan imkoniyatlardan foydalana olgan. Tunis, Misr va Suriyada esa mehnatga layoqatli yoshdagilar soni oshib, ish topa olmasligi sabab bu qatlam 2011 yildagi «Arab bahori»ning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari bo‘lishgan. Demografik o‘sishni vaqtida to‘g‘ri yo‘naltira olgan Singapur va Janubiy Koreya esa bunday muammolardan yiroq.
Yo muvaffaqiyat yo muvaffaqiyatsizlik
Gitel Bastenning qayd etishicha, aholi soni oshishi muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlikka olib kelishiga sabab bo‘luvchi omillar ko‘p. Bular resurslar, mamlakat joylashuvi va uning boshqarilishi, infratuzilma kabilar.