O‘zbekiston | 14:26 / 28.05.2021
4993
3 daqiqa o‘qiladi

Gender nomutanosiblik mavjud bo‘lgan davlat organlarida vaqtinchalik kvotalash tizimi joriy etiladi

Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisida O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi ko‘rib chiqildi.

2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi.

Shuningdek, strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta'minlashga xizmat qiladi.

Strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli ta'limli ta'minlash, qishloq joylarida qizlarning oliy ma'lumotga ega bo‘lishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olingan.

Strategiyadagi yo‘nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan.

Gender tenglikka erishish strategiyasi asosan, uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, qator ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Davlat xizmatida, ijtimoiy-iqtisodiy, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash shular jumlasidan. Shuningdek, strategiyada gender tenglikni ta'minlash tadbirlarini hisobga olgan holda davlat dasturlarini budjetlashtirish va moliyalashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Gender strategiyasini amalga oshirishdan salmoqli natijalarga erishish kutilmoqda. Xususan, yuqori va quyi tizimdagi davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotini kengayadi. Gender nomutanosiblik mavjud bo‘lgan davlat organlarida vaqtinchalik kvotalash tizimini joriy qilish orqali xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi mutanosiblik ta'minlanadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan, ayniqsa qishloq joylaridagi oilalar xotin-qizlarini ish bilan ta'minlash, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilishga erishiladi. Xotin-qizlarga nisbatan ish joylaridagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari oldi olinib, jamiyatda ularga nisbatan shakllangan salbiy qarashlarga barham beriladi.

Bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid