Jahon | 23:14 / 29.07.2025
12287
2 daqiqa o‘qiladi

Putinda 10 kun bor – Tramp Ukrainadagi urush bo‘yicha yangi bayonot berdi

Oq uy rahbari Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvini imzolash uchun Rossiyaga berilgan muhlat 29 iyuldan boshlanishini ma’lum qildi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp tinchlik kelishuviga erishish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yangi muddat belgiladi. Endi Rossiyada buning uchun 10 kun bor.

Bunday bayonot Trampning matbuot vakillari bilan muloqoti chog‘ida yangradi, uning audioyozuvi Oq uy saytida efirga uzatildi. Xususan, undan Rossiyaga qarshi sanksiyalar qachon joriy etilishi so‘raldi.

«O‘n kundan keyin. Biz bojlar va boshqa narsalarni joriy qilmoqchimiz va bu Rossiyaga ta’sir qiladimi yoki yo‘qmi, bilmayman, chunki Putin urushni davom ettirishni xohlayotgani aniq. Ammo biz bojlar va ikkilamchi sanksiyalarni joriy qilmoqchimiz. Bu ularga ta’sir qilishi yoki ta’sir qilmasligi ham mumkin», dedi Oq uy rahbari.

Tramp muhlat bugundan (29 iyul) boshlanishini aytdi va Rossiyaga nisbatan ehtimoliy cheklovlarga xomashyo bozorlari qanday munosabatda bo‘lishi o‘zini «xavotirga solmasligini» qo‘shimcha qildi.

28 iyul kuni Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida ilgari tuzilgan kelishuvga erishish muddatini qisqartirdi. AQSh prezidenti Istanbuldagi Rossiya-Ukraina muzokaralarida oldinga siljish yo‘qligidan norozi ekanini aytdi. U Rossiya bilan biznes olib borayotgan davlatlarga nisbatan sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qildi.

Rossiyada urushni yakunlash uchun 50 kun borligi haqida Tramp 14 iyul kuni e’lon qilgandi – shu bilan bir vaqtda u Ukrainaga yangi qurollar yetkazib berilishiga ham va’da berdi. U nima uchun shunday muddat o‘rnatganiga izoh bermadi.

AQSh prezidenti 28 iyul kuni yana bir bor rossiyalik hamkasbidan hafsalasi pir bo‘lganini ta’kidladi hamda unga Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun berilgan 50 kunlik muhlatni qisqartirganini, endi u 10-12 kun ekanini aytdi.

Mavzuga oid