O‘zbekiston | 17:39 / 09.08.2025
3857
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi kelishuvni olqishladi

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Vashingtonda, Donald Tramp huzurida harbiy harakatlarni to‘xtatish haqidagi kelishuvni imzolagan edi. O‘zbekiston barcha tomonlarning ko‘p yillik mojaroni bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlariga yuqori baho berdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida muhim natijaga erishilganini olqishladi.

«Kuni kecha Vashingtonda tarixiy Qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishiga Ozarboyjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi yetakchilarining kuchli siyosiy irodasi va qat’iyati, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidentining faol tinchlikparvar sa’y-harakatlari tufayli erishildi, deb hisoblaymiz», deyiladi bayonotda.

TIV barcha tomonlarning ko‘p yillik mojaroni bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlariga yuqori baho berdi.

«Ishonchimiz komil, Janubiy Kavkazda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikning imkon qadar tezroq o‘rnatilishi keng mintaqamizdagi barcha xalqlar manfaati uchun yirik transport va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratadi», deyiladi bayonotda.

8 avgust kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Vashingtonda, Donald Tramp huzurida harbiy harakatlarni to‘xtatish haqidagi kelishuvni imzoladi.

«Armaniston va Ozarboyjon barcha harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish, savdo, turizm va diplomatik aloqalarni o‘rnatish, bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini oladi», dedi Oq uy rahbari.

Shundan so‘ng, Ozarboyjon va Armaniston yetakchilari prezident Tramp tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ekanini ta’kidladi.

Mavzuga oid