O‘zbekiston | 09:45 / 27.11.2021
5229
2 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot OTMning bitiruvchi talabalari doimiy yashash joyidagi tibbiyot muassasalarida amaliyot o‘taydi

“Andijon davlat tibbiyot instituti va uning klinikasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga ko‘ra, Andijon davlat tibbiyot instituti va uning klinikasi faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha yuridik shaxs bo‘lmagan filiallar tashkil etiladi:

  • akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining – xirurgiya;
  • Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining – kardioxirurgiya; 
  • Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining – neyroxirurgiya;
  • Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining – urologiya;
  • Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining – nefrologiya.

Transplantologiya, endoxirurgiya, rentgenendovaskulyar xirurgiya, endourologiya, nevrologiya va tibbiy genetika yangi bo‘limlari hamda immunogenetik laboratoriya tashkil etiladi.

2022/2023 o‘quv yilidan barcha tibbiyot OTMning “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” ta'lim yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalari o‘quv yilining 1-semestri (5 oy) davomida doimiy yashash joylaridagi tibbiyot muassasalarida amaliyot o‘taydi hamda ma'ruza va o‘quv mashg‘ulotlarining nazariy qismi masofaviy shaklda olib boriladi. 

Institut va klinika tomonidan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish, kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda “Shahrixon tumani tajribasi” joriy qilinadi.

Mavzuga oid