Otam duradgor usta, onam o‘qituvchi: Prezident maktabidagi aka-ukalar
Aka-uka Bahromjon va Akramjon Shamsiddinovlar Bog‘dod tumanining chekka qishlog‘idan. Ular Farg‘ona shahridagi prezident maktabida tahsil olishadi. Otasi duradgor usta, onasi o‘qituvchi bo‘lgan aka-ukalar prezident maktabiga kirish imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan oddiy oila farzandlari.
Ota-ona ishonchini oqladik...
“Prezident maktabiga tayyorgarlik ko‘rish o‘ziga xos jarayon bo‘lgan. Aka-uka omadimiz kelib imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tdik. Asosan internetdan kerakli ma’lumotlarni o‘qib mustaqil ravishda tayyorgarlik ko‘rdik.
Uyda ukam bilan kim o‘zarga mashqlar bajarardik. Faqat ingliz tilidan 3 oy repetitorga qatnadim. Matematika va mantiqiy fikrlash testlaridan yaxshi natija ko‘rsatganim uchun nomzodlar orasidan saralab olindim.
Ukam Akramjonning matematika faniga qiziqishi yuqori edi. Unga misollar bajartirganim uchun o‘zidan yuqori sinf darsliklardagi mashqlarni ham yechar edi. Shuning uchun u 2 700 o‘quvchi ishtirok etgan saralash imtihonida 100 foiz natija bilan birinchi beshtalikdan joy olgan. Ikkinchi bosqichda ham yaxshi natija ko‘rsatgan.
Otam oddiy usta, onam esa o‘qituvchi. Ular imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishimizni astoydil xohlashgan edi. Imtihon natijalari chiqqach onam juda hayajonlangan. Birimiz o‘tib, birimiz o‘ta olmasligimiz haqida o‘ylab tashvishda edilar. Ming shukrki, ularning ishonchini oqladik.
Prezident maktabining eng yoqqan tomoni o‘quvchilarning deyarli barchasi oddiy oila farzandlaridir. Hozirda kimyo va biologiya fanlarini astoydil o‘rganyapman. Kelajakda bu fanlar doirasida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqchiman”,– deydi Bahromjon Shamsiddinov.
Qishloqda bizga ko‘pchilik havas qiladi...
“Akam 11-, men esa 6-sinfda o‘qiyman. Kelajakda dasturchi bo‘lmoqchiman. Matematika faniga qiziqaman. Yaqinda Qorako‘l olimpiadasida 4-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Qishloq sharoitida bo‘lsa ham ota-onamiz o‘qish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishgan.
Prezident maktabiga kirish uchun deyarli mustaqil tayyorgarlik ko‘rganmiz. Ham akam va men imtihondan o‘tganimizni eshitgan ota-onam juda xursand bo‘lishgan. Onam o‘qituvchi, otam usta-duradgor, uyda chorva boqadi.
Shanba-yakshanba kunlari uyga borganimizda tengdoshlarim prezident maktabi haqida so‘rashadi. Ular doim bizga havas qiladi”, – deydi Akramjon Shamsiddinov.
“Aka-ukalarda yoshligimni ko‘raman” – Obidxon Mo‘minov, prezident maktabi direktori
“Maktabimizda aka-uka Bahromjon va Akramjonga o‘xshagan oddiy oila farzandlari juda ko‘p. Bu aka-ukalarda o‘zimning yoshlik davrimni ko‘raman. Men ham oddiy qishloqdan chiqqan o‘qituvchining o‘g‘liman. Kerak bo‘lsa Farg‘ona shahriga kelib-ketish uchun yo‘lkiraga pul topa olmay qolgan damlar bo‘lgan. Bu yigitlar yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalanishyapti. Bir sinfda tahsil olayotgan 12 nafar o‘quvchining har biri o‘n ikki olam. Iqtidorli bolalar tanlab olingan”, – deydi u.
Sarvar Ziyayev,
Jahongir Aliboyev
Mavzuga oid
19:28 / 22.07.2024
“Turar joylar sud boshqaruvchisi tomonidan sotuvga chiqarilgan” – Universal bank Farg‘onadagi “dom” mojarosiga munosabat bildirdi
12:00 / 18.07.2024
Toshkentdagi “Azia invest” mojarosi Farg‘onada takrorlanyapti. Fuqarolar hukumatdan najot kutmoqda
11:22 / 01.06.2024
Sharof Rashidovning asl suratlaridan tarixiy tangalargacha bor – payvandchi kolleksioner
15:40 / 01.04.2024