Jahon | 18:27 / 24.09.2025
3714
4 daqiqa o‘qiladi

Nyu Yorkdan eksklyuziv: birinchi kunda 36 kishi nutq so‘zladi 

Kun.uz Nyu Yorkda bo‘lib, BMT Bosh assambleyasi sessiyasi va tadbirlarini bevosita kuzatib bormoqda. Asosiy debatlarni bosh kotib o‘z nutqi bilan ochib bergan bo‘lsa, 23 sentabr kun davomida 36 nafar siyosatchi minbarda chiqish qildi. O‘zbekiston prezidenti tushlikkacha bo‘lgan guruhni yakunlagan bo‘lsa, tushlikdan keyin Markaziy Osiyodan Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari nutq so‘zladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Antoniu Guterrish an’anaga muvofiq Bosh assambleyani ochib berdi. Undan so‘ng esa sessiya prezidenti Annalena Berbok so‘zga chiqdi. Tushlikkacha bo‘lgan ro‘yxatda Braziliya, AQSh, Indoneziya, Turkiya, Koreya Respublikasi, JAR, Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari bilan jami 18 kishi bor edi. 

AQSh prezidenti Donald Trampning nutqi 57 daqiqa davom etdi va eng uzun nutqlardan biri bo‘ldi. Bu BMT belgilagan reglamentdan ancha ko‘p edi. Nutqi davomida uning suflyori ikki marta ishlamay qoldi va prezident buni hazilga yo‘ydi. 

Tramp o‘z chiqishida AQSh aholisi hozir oltin asrda yashayotganini uqtirishga urindi. Xavfsiz chegara, yuqori maosh va tinch davlat ekanini bunga sabab qilib ko‘rsatdi. Bundan tashqari, u bir necha oy davomida dunyo yillardirki tugatolmagan urushlarga nuqta qo‘yganini aytib, bular qaysi urushlar ekanini ham sanadi. 

Eronni nishonga olganini, bir necha oy oldingi operatsiya sabab Tehron endi yadro quroliga ega bo‘lolmasligini aytdi. Eron-Isroil urushiga chek qo‘yganini ham qo‘shimcha qildi. 

O‘zidan oldingi Bayden administratsiyasini qoralab, ochiq chegaralar siyosatini jiddiy tanqid qildi. Yevropa Ittifoqini ham shu o‘rinda migrantlarga qarshi siyosat olib bormayotgani uchun koyidi. 

Prezident Tramp o‘z chiqishida BMTni ham tanqid qilib, tuzilmani katta salohiyati borligiga qaramay, “so‘zni asosiy qurolga aylantirgan” deya ta’rifladi. 

Kun davomida BMT minbarida so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidenti esa rasmiy Toshkent BMT Xavfsizlik kengashi tarkibi yangilanishi tarafdori ekanini aytdi. Bundan tashqari, Mirziyoyev bundan bir necha yil avval BMT minbaridan turib Markaziy Osiyoda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik siyosati haqida gapirganini, bugun esa mintaqaning yechilmagan muammolari qolmaganini yodga oldi. 

Ayni kunlarda Nyu Yorkda 140 dan ortiq prezident bo‘lib turibdi, ba’zilar nutqini yakunlab, davlatiga ham qaytib ketdi. Shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, politsiya xodimlari soni ortgan. Ko‘chalarda erkin harakatlanish qisman cheklangan, to‘siqlar bilan BMT bosh qarorgohiga borish yo‘llari to‘sildi. Faqat maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lganlargina bemalol yurolmoqda.

Bosh qarorgoh qarama-qarshisida esa norozilik namoyishlari tinmayapti. Yig‘ilganlar asosan G‘azodagi urushni tugatish, Eron va Xitoydagi rejimga qarshi turish, Ukraina urushini yakunlash va Isroilning AQShga ta’sirini qirqish mavzularida chiqish qilmoqda. Politsiya ularga tegmayapti, lekin xavfsizlikni saqlash choralari ko‘rilmoqda. Masalan, ular bor yo‘llar ham qisman to‘sildi. Bevosita bosh qarorgohga namoyishchilar yaqinlasholmaydi. 

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Mavzuga oid