Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yerosti gaz quvuri sabab xonadon portlab ketdi. Zarar qoplab beriladimi?
Farg‘ona shahrida yer ostidagi quvurdan gaz chiqib, uyning xonasiga to‘planishi oqibatida portlash sodir bo‘lgan. Bir kishi kuyish jarohatini olgan, uy yaroqsiz holga kelgan. 5 oydan beri omborxonada yashashga majbur bo‘layotgan uy egalariga ko‘ra, kadastr hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay, aybdorlar zararni qoplashni paysalga solyapti. Gaz idorasi esa aybni xonadon egalari zimmasiga yuklamoqda.
Voqea yanvar oyi oxirida Farg‘ona shahri Said Ahmad ko‘chasi 39-uyda ro‘y bergan. Kun.uz'ga murojaat qilgan xonadon sohibasi Nazokat Sherboboyeva “Farg‘onashahargaz” gaz ta’minoti bo‘limidan norozi.
“2025 yil 31 yanvarda soat 22:30 lar chamasida uyimiz bomba portlagandek portladi. Tomlar qulab, uylar yondi, bor-budimizdan ayrildik.
Ko‘chadan davlatning katta gaz quvuri o‘tgan ekan. Chirib ketgan teshiklardan gaz sizib chiqib, portlash bo‘lgan-da. Jami 10 ta xonamiz yaroqsiz holatga keldi. Qo‘limizda kadastr hujjati bor, hammasi qonuniy. Uyimiz ostidan gaz quvuri o‘tganini bilmaganmiz. Uyni qurmasdan avval kadastr qilib, keyin qurilish ishlarini boshlagan edik.


Portlashdan keyin unisi keladi, hujjatga qaraydi, ha yaxshi ekan, to‘g‘ri ekan, deb ketadi. Bunisi keladi... Kadastrdan kelib tekshirishdi, ko‘rishdi. Avvaliga uylaringga tortilgan tabiiy gaz portlagan deb, aybni bizga ag‘darmoqchi bo‘lishdi. Ko‘chadagi “kolodets” qopqog‘i ochilgandan keyin, hammasi ayon bo‘ldi. Gaz o‘sha yerdan sizib chiqib, uyimizga to‘plangan ekan.
Yerosti gaz tarmog‘i o‘tgan bo‘lsa, quvurlar tarmog‘i soz yoki nosozligi tegishli tashkilotlar tomonidan tekshirib turilmaydimi? Haliyam qo‘rquvda yashayapmiz, xuddi bomba ustida o‘tirgandek. Gaz idorasi boshlig‘i esa yerosti gaz quvurlarini nazorat qiladigan xodimlar yo‘qligini aytdi.

Omborxonada ikki o‘g‘lim, olti nevaram, kelinlarim, turmush o‘rtog‘im bilan yashashga majbur bo‘lyapmiz. Bu portlagan uylarni tiklashga mablag‘imiz yo‘q. Mablag‘ bo‘lganda edi, shu paytgacha hech kimga qaramas edik. Holatdan prokuratura ham xabardor.

O‘g‘lim kuyish jarohati bilan shifoxonada qancha yotdi, hech kim holidan xabar olmadi. Chorasizlikdan Farg‘ona shahar hokimi qabuliga bordim. Hokim uyimizga kelib, holatni ko‘rib, 1 000 dollar yordam berib ketdi.
Hademay qish keladi. Kunlar sovigunicha, tegishli idoralar uyimizni ta’mirlab berishlarini talab qilaman”, – deydi Nazokat Sherboboyeva.
“Omborxonada yashayapmiz...”
Nazokat ayaning qizi Nasiba Sherboboyeva ham vaziyatni tasvirlab berdi.
“Besh oydan berib sarsonmiz. Omborxonada yashayapmiz. Uyimiz yashab bo‘lmaydigan holatga kelgan. Ukam jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham, oilasi bilan bir tomoni qulab tushgan uyda yashayapti. Portlashda akamlardan birining butun tana a’zosi 45 foizgacha kuyib ketdi. Hozirda ota-onam, ikki akam, ikki kelin, yetti nevarasi bilan ota-onam omborxonaga o‘xshagan joyda, bonkalar saqlaydigan uyda yashashyapti.
Yagona talabim – huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar adolat qaror topishini ta’minlab berishsin. Ishimiz hali ham tergovga qadar surishtiruvda yuribdi-da. Ishni negadir sudga chiqarishmayapti. Ularga nima to‘sqinlik qilyapti? Muammo nimada bilmaymiz. Uyimizni tiklab berishsin. Akamning sog‘lig‘ini tiklab berishsin. Bo‘ldi, boshqa hech narsa kerak emas”, – deydi u
“5 oydan beri xalovatimiz yo‘q”
Portlash sabab Mahsudjon Sherboboyev kuyish jarohatini olgan.
“O‘sha kuni uyga kirib chiroqni yoqqanimni bilaman, kuchli gumburlab, portlab, hamma yoq ostin-ustun bo‘lib ketdi. Ichkarida qolib ketdim. Yuzim, qo‘lim, butun badanim kuyib ketdi. Kuyishdan keyin badanimda oq dog‘lar qoldi. Endi esa uyni ta’mirlashni paysalga solishyapti. Uyda yashab bo‘lmayapti.
Yetkazilgan zararni qoplab berishsin. Biz ham odamga o‘xshab yashaylik. 5 oydan beri xalovatimiz yo‘qolgan. Shu kungacha uysiz sarson-sargardon bo‘lib yuribmiz, qarzga botib ketdik. Nega boshqalarning aybi uchun biz azob chekishimiz kerak?”

Shahargaz: “Kimning aybi bilan bo‘lganini sud hal qiladi”
Farg‘ona shahar gaz ta’minoti bo‘limi xizmat boshlig‘i Abror Umrzoqov aynan zarar ko‘rgan xonalar hujjatsiz bo‘lganini da’vo qildi.
“Haqiqatan ham Saidahmad ko‘chasi 39-xonadonda 31 yanvar kuni kechasi chaqnash sodir bo‘lgan. Mutaxassislar holatni borib o‘rganishgan. Zarur materiallarni yetkazib berib, uylarni hashar yo‘li bilan ta’mirlab berish taklifini berganimizda, ular rad etdi. Pul mablag‘ini berasizlar, qurilish ishini o‘zimiz bajarib olamiz degan gaplarni aytishgan.

Hovlining kadastr hujjat bor-ku, lekin zarar ko‘rgan bino hujjatsiz bo‘lgan. Mana, qo‘limda kadastrning ma’lumoti bor. Mazkur yashash binosi huquqiy hujjatsiz bo‘lib, foydalanishga qabul qilinmagani to‘g‘risida kadastr bergan hujjat bor.
“Hududgazta’minot” AJdan bizga mobil laboratoriya biriktirilgan. Maxsus avtoulov orqali mana shu kabi yerosti gaz quvurlaridan gaz sizib chiqishi holatlarini tekshirib, gaz sizib chiqish holatlari aniqlangan joylarni o‘z vaqtida bartaraf etib boryapmiz. Farg‘ona shahar bo‘yicha jami 493 km yerosti gaz quvurlari bor, shularning shikastlangan qismlari bartaraf etib borilyapti.
Portlash holati qonuniy o‘rganib chiqiladi. Oxirgi nuqtani sud qarori qo‘yadi. Ayb “Hududgaz”dami yo fuqaroning o‘zidami, shunga qarab xulosa qilinadi”, – deydi Farg‘ona shahar gaz ta’minoti bo‘limi xizmat boshlig‘i.
Kun.uz holatni kuzatishda davom etadi.
Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz
Mavzuga oid
19:50 / 12.01.2026
Farg‘onada “prava”siz ayol uch odamni urib yubordi, bir kishi to‘shakka mixlandi: jabrlanuvchilar sud hukmidan norozi
09:05 / 12.01.2026
Harbiy xizmatchilarga uy ijarasi uchun kompensatsiya: kimlarga, qancha va qanday tartibda?
14:54 / 08.01.2026
Til sertifikati, ishchi viza, chipta: migratsiya jamg‘armasidan kompensatsiya beriladi
17:20 / 07.01.2026