Jahon | 12:20 / 03.07.2025
23270
3 daqiqa o‘qiladi

Jitomir yaqinidagi portlashlar: ikki korxona yakson etilgan

25 ta uy vayron bo‘lgan, qurbonlar va jabrlanganlar bor.

Foto: Videodan kadr

Ukrainaning Jitomir oblasti Berezina qishlog‘i hududida joylashgan ikkita korxonada 2 iyul kuni kechqurun portlash sodir bo‘ldi. Portlashlar oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, 24 kishi jabrlangan, shundan to‘rt nafar bolalar. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Bunechkoning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar korxona xodimlari edi, yaralanganlarning ko‘pchiligi mahalliy aholi vakillaridir.

Portlashlar M-06 Kiyev – Chop avtomobil yo‘lidagi ikkita ishlab chiqarish obekti hududida sodir bo‘ldi, dedi Glubochitsk obshinasi rahbari Sergey Sokolskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkala korxona ham butunlay vayron bo‘lgan. Guvohlardan biri «Suspilne»ga aytishicha, portlashlar uch daqiqa farq bilan sodir bo‘lgan. Rasmiylar portlashlar sababini ochiqlamagan.

Avvaliga portlashlar oqibatida Ozarboyjonning Socar kompaniyasi yoqilg‘i quyish shoxobchasiga zarar yetgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo oblast ma’muriyati rahbari bu versiyani rad etdi.

Vitaliy Bunechkoning aytishicha, portlash oqibatida 25 ta uy to‘liq vayron bo‘lgan. Mahalliy hukumat jami qancha turar joy binosi shikastlangani to‘g‘risida keyinroq ma’lumot berishini bildirgan. Hodisa oqibatida elektr uzatish liniyasi ham shikastlangan, natijada 735 ta uy elektrsiz qoldi, deb xabar berdi «Jitomiroblenergo».

Portlashdan keyin politsiya M-06 trassasining ikki yo‘nalishini ham yopgan, harakat aylanma yo‘llar orqali tashkil etilgan. Keyinroq trassada harakat qisman tiklangan, ikki yo‘nalishda ham bittadan polosa bo‘ylab yurishga ruxsat berilgan. Yo‘lda tirbandlik yuzaga kelgan. Politsiya faqat 3 iyul tongida trassa bo‘ylab harakatni to‘liq tiklagan.

Hodisadan keyin Jitomir oblasti kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi mahalliy aholini derazalarni yopishga va ko‘chaga chiqmaslikka chaqirdi.

Mavzuga oid