Ukraina Patriot tizimlari va tanklar so‘radi. NATO yordam va’da qildi, ammo boshqacha tarzda
Ukraina mamlakat fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish uchun Patriot rusumli raketaga qarshi tizimlar hamda Rossiyaga qarshi kurashishda G‘arb tipidagi tanklarga juda muhtoj. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba NATO sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Sammit yakuniga ko‘ra, alyans a’zolari Kiyevni to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqladi, biroq havo hujumidan mudofaa tizimlari yoki tanklar yetkazib berish haqida hech qanday bayonot berilmadi.
2022 yil oktyabr oyi boshidan buyon Rossiya Ukrainadagi fuqarolik obektlarini muntazam ravishda o‘qqa tutib kelmoqda, buning natijasida mamlakat aholisi elektr, issiqlik tizimi, aloqa va suvning tez-tez o‘chirilishi sharoitida yashashga majbur bo‘lmoqda. Qishda havo harorati keskin pasayishi bilan bu holat ancha jiddiy muammoga aylanishi mumkin.
Kiyev Rossiya harbiylarining mamlakat energetika tizimiga yangi hujum boshlashidan xavotirlanmoqda, shu bois Kuleba Germaniya Ukrainaga Patriot tizimlaridan foydalanishga ruxsat berishiga umid bildirdi. Berlin shu turdagi tizimlarni Polshaga, uning hududiga ikkita raketa qulagandan so‘ng yetkazib bergandi.
«Bizning iltimosimiz oddiy: Patriot’larni imkon qadar tezroq bering, chunki tinch aholi va muhim infratuzilmalarni himoya qilish uchun Ukrainaga bu tizim kerak. Bu hujum quroli emas», degan Ukraina tashqi ishlar vaziri.
Shuningdek, u Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasiga muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsatish uchun G‘arb tipidagi tanklarga ehtiyoji borligini aytib o‘tgan.
G‘arb harbiy ekspertlari fikricha, Rossiya frontda zirhli texnika bo‘yicha ustunlikka ega, chunki ularda sovet davridan qolgan katta zaxiralar mavjud. Ukraina jang maydonida juda ko‘p rus tanklari va boshqa texnikalarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi, ammo hozirda hujum qurollari sohasida baribir Rossiya bilan tenglikka erisha olmaydi.
«Bizga zirhli texnikalar, ayniqsa qishda foydalanish uchun gusenik zanjirli texnikalar kerak. Shuningdek, bizga NATO tipidagi tanklar ham kerak va bu qaror (qurollarni yetkazib berish qarori) imkon qadar tezroq qabul qilinishi lozim», degan Kuleba.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg, o‘z navbatida, alyansning hozirgi asosiy vazifasi Ukrainaga Rossiya ustidan g‘alaba qozonishi uchun yordam berish ekanini aytdi. Sammitda ishtirok etgan barcha tashqi ishlar vazirlari harbiy, iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar masalalarda butun kuchlarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun safarbar qilishga va’da berdi.
«Ularni shunchaki jang maydoniga yuborish mumkin emas»
Shu bilan birga, sammitda Ukrainaga tanklar yoki Patriot tizimlari yetkazib berish bo‘yicha aniq va’dalar berilmadi.
24 noyabr kuni Germaniya Polshaga yuborayotgan Patriot tizimlari faqatgina NATO hududida foydalanish uchun mo‘ljallanganini ma’lum qildi. Kuleba o‘z nutqida Kiyev Berlin bilan Patriot komplekslarini Ukrainaga yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishini aytdi. Ukrainaliklar bu tizimlar orqali o‘z hududini rus raketalaridan himoya qilishni ko‘zlagan.
AQSh mudofaa vazirligi matbuot kotibi Pat Rayder Vashington Ukrainaga Patriot tizimlari va tanklar yetkazib berishni hozircha rejalashtirmayotgani, ammo bu boradagi muhokamalar davom etayotganini aytdi.
«Patriot tizimlari, M1 tanklari yoki zamonaviy qiruvchilar kabi kuchli qurollar haqida gap ketganda shuni aytish kerakki, ularga muhim texnik yordam va xizmat ko‘rsatish tizimi kerak. Ularni ishlatish uchun harbiylarni o‘qitish lozim. Ushbu qurollarning hech biri «yoq va ishlat» usulida ishlamaydi. Ularni shunchaki jang maydoniga yuborish va foydalanishni boshlash mumkin emas», deya tushuntirgan Rayder Pentagondagi brifingda.
Rayder, shuningdek, Ukrainaga Patriot tizimlarini boshqa davlatlar tomonidan yuborish masalasi ularning suveren huquqi ekanligini, ammo Vashington bu qaror NATOdagi barcha ittifoqchilar bilan muhokama qilinganidan keyingina qabul qilinishiga umid bildirishini aytdi.
29 noyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Patriot tizimlarini Ukrainaga yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar haqidagi xabarlarga juda keskin munosabat bildirdi. U NATOni «jinoiy hamjamiyat» deb atadi va o‘zining telegramdagi kanalida «Agar NATO ukrainaliklarni Patriot tizimlari bilan birga shaxsiy tarkib bilan ham ta’minlasa, ular darhol qurolli kuchlarimiz uchun qonuniy nishonga aylanadi», deb yozdi.
Xabarda Medvedev nishon deya kim yoki nimani nazarda tutgani aniq emas. Nishon Patriot tizimlari, Ukraina qo‘shinlari yoki NATO xodimlaridan qaysi biri ekani noma’lum.
Sovet qurollari
AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken CNN telekanaliga NATO davlatlari Ukraina armiyasida ishlatiluvchi sovet tipidagi qurollar uchun o‘q-dorilar ishlab chiqarishga sarmoya kiritish niyatida ekanini tasdiqladi. Bu orqali, Vashington o‘q-dorilar taqchilligini qisman qoplamoqchi.
«Biz ular (Ukraina armiyasi) o‘zlariga zarur narsaga ega bo‘luvchi va yanada samaraliroq bo‘luvchi barcha variantlarini ko‘rib chiqmoqdamiz. Bunday variantlardan biri Ukraina qurolli kuchlarida o‘nlab yillar davomida xizmat qilgan sovet davridagi qurollar va tizimlar uchun o‘q-dorilar yetkazib berishdir. Bu ba’zi hollarda uzoq vaqt davomida ishlab chiqarilmagan narsani qayta ishlab chiqarish kerakligini bildiradi», deydi Blinken.
The New York Times gazetasi 27 noyabr kuni, alyans a’zolari sovet davridagi artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarishni qayta boshlash uchun Chexiya, Slovakiya va Bolgariyadagi eski zavodlarga sarmoya kiritishni muhokama qilayotgani haqida xabar berdi.
NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari sammiti Buxarestda bo‘lib o‘tdi va ikki kun davom etdi.
Sammit natijalaridan so‘ng, Kuleba alyansning Ukrainani tashkilotga qabul qilmaslik to‘g‘risidagi 2008 yilgi qarorini strategik xato deb atadi va mamlakatning hozirgi arizasini ko‘rib chiqishni urush oxirigacha qoldirmaslik kerakligini ta’kidladi.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lish istagini ko‘rib chiqishning zaruriy sharti uning urushdagi g‘alabasi bo‘lishi va hozirda barcha sa’y-harakatlar shunga qaratilishi kerakligini aytdi.
Mavzuga oid
16:15
Putin Rossiyaning yangilangan yadroviy doktrinasini tasdiqladi
15:59
Borrel: YeI davlatlari UQKga Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berilganini muhokama qiladi
09:59
Ukraina xandaqlarida taqiqlangan CS gazi izlari topildi
08:37