O‘zbekiston | 14:22 / 28.02.2019
15736
7 daqiqa o‘qiladi

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Foto: iStock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi joylashtirildi.

Normativ-huquqiy hujjat ushbu Qonunga muvofiq qabul qilingan, umum majburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir. Normativ-huquqiy hujjatlar qonun hujjatlaridir va ular O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari majmuini tashkil qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar yoki mansabdor shaxslar hisoblanadi.

Norma ijodkorligi faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardir:

qonuniylik;

xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan prinsiplari va qoidalari ustunligi;

jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlari himoya qilish prinsipi;

oshkoralik;

ilmiylik;

ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning tizimliligi va to‘liqligi;

huquqiy tartibga solishning adekvatligi prinsipi;

ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishda barqarorlik.

Norma ijodkorligi faoliyati normativ-huquqiy hujjatlarning qat'iy iyerarxiyasini ta'minlash, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar vakolatini hisobga olish orqali amalga oshiriladi.

Norma ijodkorligi faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

Norma ijodkorligi faoliyati xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan prinsiplari va qoidalari ustunligini tan olishga asoslanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqilishini ilgari surish, rejalashtirish, tayyorlash, qabul qilish va ijrosini ta'minlashda jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarining fikrlarini inobatga oladi, ijtimoiy adolatni ta'minlash va barqaror rivojlanishga erishish maqsadida ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirilishini va himoya qilinishini kafolatlaydi.

Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar tayyorlanayotgan va ular tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari to‘g‘risida jamoatchilikni normativ-huquqiy hujjatlarni chop etish, ushbu qonun va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan usullarda rasmiy e'lon qilish orqali xabardor qilishni ta'minlaydi.

Norma ijodkorligi faoliyati ilmiy tadqiqotlar natijalarini tahliliga, ilm-fan yutuqlariga, shuningdek olimlar, ekspertlar va mutaxassislar fikriga tayanadi.

Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning tizimliligi va to‘liqligi normativ-huquqiy hujjatlarni turkumlashtirish, bo‘shliqlar, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llash amaliyotiga ta'sir etmaydigan normalarga yo‘l qo‘ymaslik, normativ-huquqiy hujjatlar kolliziyalari yo‘qligi bilan ta'minlanadi.

Huquqiy tartibga solishning adekvatligi qonunchilikda turli sohalardagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish uchun haqiqatda zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar mavjudligi, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarda jamiyat va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining obektiv ehtiyojlarini aks ettirish orqali ifodalanadi.

Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar tomonidan, normativ-huquqiy hujjatlarning zarur darajadagi sifatini ta'minlash, turli sohalardagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning to‘liqligi va samaradorligini ta'minlash bo‘yicha choralarni ko‘rish, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarga tez tuzatishlar kiritishga yo‘l qo‘ymaslik orqali ta'minlanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari quyidagilardir:

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;

O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlari;

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, konstitutsiyaviy qonunlari va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonunlardir.

O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi ustuvorligi so‘zsiz tan olinadi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi hamda uning normalari va prinsiplariga zid kelishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan masalalar bo‘yicha qabul qilinadigan qonunlar, konstitutsiyaviy qonunlar shaklida qabul qilinadi.

Konstitutsiyaviy qonunlar qonunlarga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega.

Konstitutsiyaviy qonunlarni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida qabul qilish va Senatida ma'qullash uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining hamda Senatning umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi talab qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni, shu jumladan davlat faoliyatining siyosiy–huquqiy va ijtimoiy–iqtisodiy sohalardagi asosiy yo‘nalishlarini tartibga soladi va O‘zbekiston Respublikasining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadi, Senati tomonidan ma'qullanadi, Prezidenti tomonidan imzolanadi yoki referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari va mudofaa doktrinasi to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar faqat konun shaklida qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari eng muxim ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning prinsip va normalarini mustahkamlovchi va ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini to‘liq huquqiy tartibga solishni ta'minlovchi, tizimlashtiruvchi normativ-huquqiy hujjat bo‘lgan kodekslar shaklida qabul qilinishi mumkin.

Qonun loyihasining to‘liq matni bilan quyida tanishish mumkin.

Mavzuga oid