Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish bo‘yicha alohida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda
Qayd etilishicha, qonun loyihasi ko‘plab xorijiy mamlakatlarning shu yo‘nalishdagi ijobiy tajribasi asosida ishlab chiqilib, unda faqat jazo masalasi emas, balki muammoning ildiziga ta’sir qiluvchi choralar nazarda tutiladi.
Foto: Adobe Stock
O‘zbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi deputatlari tomonidan “Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda partiya axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, jamiyatda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat so‘nggi yillarda kamayganiga qaramasdan, bu kabi noxush holatlar hamon uchrab turibdi. Eng achinarlisi, ushbu harakatlar mutlaqo asossiz, shunchaki ko‘ngilxushlik uchun sodir etilmoqda.
Joriy yil 25 mart kuni qabul qilingan qonunga ko‘ra, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
“Bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilgan bo‘lsa-da, biroq bu choralar ham yetarli emasligini hamda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatni tartibga solish masalasi tizimli va kompleks huquqiy yondashuvni talab etmoqda”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasi ko‘plab xorijiy mamlakatlarning shu yo‘nalishdagi ijobiy tajribasi asosida ishlab chiqilib, unda faqat jazo masalasi emas, balki muammoning ildiziga ta’sir qiluvchi choralar nazarda tutiladi, jumladan:
– hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat hisoblanadigan xatti-harakatlarni qonun bilan aniq belgilash va ushbu harakatlarni qat’iy taqiqlash;
– hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish harakatlari uchun jinoiy javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish, bunda bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha jarima qo‘llash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (amaldagi 50 barobargacha va 6 oy ozodlikdan maxrum qilish);
– aybdor shaxslarga javobgarlik qo‘llanilishi bilan birga hayvonlarga yetkazilgan jarohatlar uchun aybdor hayvon sog‘ligini tiklash bilan bog‘liq veterinariya xarajatlarini to‘liq qoplashi shartligini belgilash (hatto bu xarajatlar hayvonning bozor qiymatidan ancha yuqori bo‘lgan holatlarda ham);
– hayvonlar bilan jamoat joylarida bo‘lish uchun qulay muhitlarni tashkil etish, jumladan ko‘zi ojizlarga hamrohlik qiluvchi itlar va emotsional ko‘makchi hayvonlarni jamoat transportida olib yurishda imtiyoz berishni qonuniy mustahkamlash;
– hayvonlar egalarining ularni himoya qilish, veterenariya xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil etish, qarovsiz qoldirmaslik kabi majburiyatlarini belgilash, hayvonlarni tashlab ketish holatlariga barham berish;
– ta’lim muassasalarida va ommaviy axborot vositalarida hayvonlarga g‘amxo‘rlik va ularga mehrli munosabatda bo‘lish madaniyatini shakllantirishga oid tushuntirish va xabardorlikni oshirish ishlarini olib borish hamda shafqatsiz munosabatni va uning targ‘ibotini taqiqlash kabi yo‘nalishlar qamrab olingan.
Ekopartiya mazkur loyihani takomillashtirishga xizmat qiladigan takliflarni [email protected] elektron manzili orqali yo‘llash mumkinligini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
19:12 / 05.04.2026
Ariq va irrigatsiya tizimlarini ko‘mib tashlaganlar jarimaga tortiladi
15:56 / 25.03.2026
Qirg‘izistonda yo‘lda janjallashganlardan haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilishi mumkin
12:21 / 18.03.2026
Xalqaro yo‘llar bo‘yida servis obektlarini joylashtirish tartibi o‘zgardi
13:30 / 09.03.2026