O‘zbekiston | 10:37 / 29.04.2021
9440
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshida o‘rnatiladigan flagshtok ustunining o‘ziga 1,35 milliard so‘m sarflanishi ma'lum qilindi

O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida Qarshi shahridagi Mustaqillik maydonida balandligi 62,5 metrga teng davlat bayrog‘i o‘rnatiladi. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, mazkur flagshtok ustunining o‘ziga 1,35 milliard so‘m sarflanadi. Flagshtok buyurtmachisi Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi bo‘lib, obekt quruvchisi «Voha maxsus montaj servis» MChJ hisoblanadi.

Qayd etilishicha, mazkur flagshtok ustuni diametri 430 millimetrdan 1220 millimetrgacha bo‘lgan po‘lat quvurlardan tashkil topadi va uni Toshkentda joylashgan «Bektemir metall konstruksiyalari» qo‘shma korxonasi tayyorlab beradi. Bichimi 25*10 metrdan iborat bo‘lgan bayroqni Farg‘ona vodiysidagi korxonalardan biri tayyorlaydi.

Ta'kidlanishicha, davlat bayrog‘i o‘rnatilgach, uning atrofidagi 2 ming kvadrat metr hudud obodonlashtirilib, maysazor, gulzorlar barpo etiladi, manzarali daraxtlar ekiladi va yangi yo‘lakbop plitkalar terib chiqiladi. Ayni paytda Mustaqillik maydonining shu qismida bayroqning tarixi va tavsifi aks etgan tosh lavhlar ham o‘rnatiladi.

Mavzuga oid