Jahon | 15:41 / 31.03.2026
5631
4 daqiqa o‘qiladi

 “Oliy rahnamomiz Moskvada emas, Eronda va sog‘-salomat” – O‘zbekistondagi elchi

Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy OAV vakillari bilan uchrashuvida oyatulloh Mujtaba Xominaiy matbuotda tarqalgani kabi Moskvada emas, balki Eronda va sog‘-salomat ishini davom ettirayotganini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

28 fevral kungi hujumda Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy va uning qator oila a’zolari halok bo‘lgandi. Shundan so‘ng mart oyi boshida Mujtaba Xominaiy ekspertlar kengashi tomonidan yangi rahnamo sifatida e’lon qilindi.

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bilan yaqin aloqalarga ega 56 yoshli Mujtaba shunday qilib Erondagi teokratik tizimning uchinchi rahbariga aylandi. Biroq oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tsa-da, u omma oldiga chiqmadi, efir orqali ham ko‘rinish bermadi. Bu esa, albatta, savollarni ko‘paytiradi.

Yangi oliy rahbar 28 fevral kungi hujumda yaralanib, sog‘lig‘idagi muammolar sabab davolanishga Moskvaga olib ketilgani haqida ham matbuotda xabarlar tarqaldi. Bu qanchalik rost yoki rost emasligi haqidagi Kun.uz jurnalistining savoliga elchi Iskandariy javob berar ekan, uning aytishicha, oliy rahnamo hozir Eronda va xalq bilan birga.

Oliy rahbarimiz tirik, sog‘-salomat va o‘z xizmat vazifasini bajarmoqda. U kishi xalq bilan birga, jamiyatni boshqarib turibdi. Armiyaga bosh bo‘lib, muhim siyosiy qarorlarni qabul qilmoqda”, deydi Muhammad Ali Iskandariy.

Elchining qo‘shimcha qilishicha, Erondagi voqealar balki boshqa davlatda yuz berganida u yerdagi vaziyat boshqacha tus olgan bo‘lardi.

Agar Erondagi voqealarning yuzdan biri boshqa davlatda yuz berganida u yerdagi hamma mamlakatidan qochib ketgan bo‘lardi. Lekin Eronda shuncha urush bo‘lishiga qaramasdan bir nafar ham kishi qochmadi, chegaradan tashqariga chiqib ketmadi. Agar Eronda rahbar bo‘lmasa, kim boshqaradi?” deydi elchi.

So‘zi davomida diplomat nega bunday turdagi xabarlar ko‘p tarqalishiga ham to‘xtaldi.

Nega bunday xabarlar tez-tez va ko‘p tarqaladi? Sababi shuki, ularning maqsadi bizni kuchsizlantirish. Shu yo‘l bilan ular Eron taslim bo‘lyapti degan tasavvurni uyg‘otmoqchi bo‘lishadi. Yana bir maqsadlari esa rahbarning qayerda ekanini aniqlash. Shuni ayta olamanki, oliy rahnamomiz davlat ichida. Avvalgi rahbarimiz kabi hozirgisi ham bir xil siyosatni davom ettirmoqda. Biz kuch-qudratga egamiz va bu kuchimiz kelajakda yanada ko‘payib boradi”, deydi u.

Elchiga ko‘ra, urushda mag‘lub bo‘lgan taqdirda ham, eronliklar buni mag‘lubiyat deb qabul qilmaydi. Biz yoki g‘olib bo‘lamiz yoki shahid ketamiz, deydi diplomat.

Biz mag‘lub bo‘ldik ham deylik, bizning e’tiqodimizga ko‘ra, mag‘lubiyat yo‘q. Biz yoki bu urushda g‘olib bo‘lamiz yoki shahid bo‘lamiz. Biz musulmonmiz va oxirigacha qattiq kurashamiz. Bu propaganda emas, bizda bu borada rostdan ham ikkilanish yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi Muhammad Ali Iskandariy.

Matbuot vakillari bilan uchrashuv davomida shuningdek, Eron elchisi AQSh va Isroil mintaqada to‘xtamasligi, boshqa davlatlarni ham nishonga olishda davom etishini bildirdi. Tramp ma’muriyatidagilarni esa o‘z xizmat vazifasiga noloyiq kimsalar deb atadi.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid