O‘zbekiston | 18:35 / 18.07.2024
21914
2 daqiqa o‘qiladi

1 avgustdan avtomobil davlat raqamlarini berish tartibi o‘zgaradi

Hukumat qarori bilan davlat raqamlarini tasodifiy tanlash yo‘li orqali berish tartibi joriy qilinadi. 1 dekabrdan boshlab avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va raqam berish bo‘yicha murojaatlarni onlayn yuborish imkoniyati yaratiladi.

Foto: Kun.uz

1 avgustdan boshlab avtomobillarga davlat raqami belgilari tasodifiy tanlash yo‘li bilan beriladi. Bu haqda «O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 17 iyul kuni qabul qilingan qarorida so‘z boradi.

Hozirgi tartib bo‘yicha davlat raqami belgilari o‘sib boruvchi raqamlash ketma-ketligi bo‘yicha berilmoqda («chiroyli raqamlar» bundan mustasno, ular auksion orqali sotiladi).

Yangi tartibga ko‘ra, davlat raqamlari Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining «Davlat raqam belgilari» moduli orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.

Qarorga ko‘ra, 1 dekabrdan YHXB mobil ilovasi, xizmatning rasmiy sayti, Call-markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va raqam berish bo‘yicha murojaatlarni yuborish va to‘lovni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid