SSSRda yashirilgan fojialar: muz saroyida saqich talashgan odamlar qanday halok bo‘lgandi?
1975 yil Moskva shahrida joylashgan Sokolniki muz saroyida fojia yuz beradi. SSSR va Kanada o‘smirlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan xokkey bellashuvidan so‘ng tiqilinch sodir bo‘ladi. Oqibatda yigirmadan ortiq odam halok bo‘ladi. Yana ko‘plab odamlar turli darajada jarohatlanadi. Halok bo‘lganlarning yarmidan ko‘pi hali 16 yoshga ham to‘lmagan bolalar edi. Muz saroyidagi tiqilinch xorij saqichlarini talashish tufayli kelib chiqqandi.
Bugun sovet davrini yomonlaydiganlar ham, «gugurt bir tiyin edi» deb maqtaydiganlar ham yetarlicha topiladi. Bu davlatga baho berganda Gabriel Garsiya Markesning mashhur gapi esga tushadi.
1957 yilda Moskvada o‘tkazilgan xalqaro yoshlar va talabalar festivaliga kelgan yozuvchi «Sovet xalqi va hukumatining baxti shundaki ular qanchalik yomon yashayotganlarini o‘zlari bilishmaydi» deydi.
O‘shanda bu gapidan keyin Markesning barcha kitoblari magazinlardan, kutubxonalardan yig‘ishtirib olingan deyishadi.
1975 yilda Moskvadagi muz saroyida sodir bo‘lgan fojia ham qaysidir ma’noda SSSRda odamlar qanday yashaganini ko‘rsatib beradi.
O‘shanda kanadalik xokkeychilar tomoshabinlar o‘tirgan tribunaga saqichlar sochishadi. Saqichlar uchun talashgan asosan yoshlardan iborat odamlar tiqilinchni yuzaga keltirishadi va bir-birini bosib o‘ldiradi.
Hodisadan avval
1975 yil boshida Kanadaning Ontario provinsiyasidan «Barrie Coop» o‘smirlar xokkey jamoasi SSSRga tenqurlari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish uchun keladi.
Safar davomida SSSR o‘smirlar terma jamoasi va «Spartak» bilan ikkitadan, «Krilya sovetov» jamosi bilan bitta, jami beshta o‘yin o‘tkazish reja qilingan edi.
Jamoaning safariga AQShning dunyoga mashhur turli saqichlar ishlab chiqaruvchi Wrigley kompaniyasi homiylik qiladi. (Orbit saqichlarini ham shu kompaniya ishlab chiqaradi)
Shartnomaga ko‘ra kompaniya kanadalik xokkeychilarning har biriga 15 kilogrammli quti to‘la saqich beradi. Xokkeychilar safar davomida ularni bepul tarqatishlari kerak edi. Kanadaliklar delegatsiyasida kompaniya vakili ham bo‘lib, unga saqichlarning tarqatilishini nazorat qilish topshirilgandi.
O‘sha paytlarda SSSRda saqich ishlab chiqarilmas, sovet o‘quvchilari uchun xorij saqichlari noyob narsa edi. Ular hatto Moskva ko‘chalarida yurgan chet ellik sayyohlardan tortinmay saqich so‘rashgan.
Maktablarda o‘quvchilarning sayyohlardan saqich so‘rab mamlakat obro‘sini to‘kishlarining oldini olish uchun choralar ko‘rilgan. O‘quvchilarga saqichlarning zarari va ular keltirib chiqaradigan kasalliklar haqida tarbiyaviy darslar o‘tilgan.
Ana shunday darslarda kimda saqich bo‘lsa chiqindi qutisiga tashlattirilgan. Biroq bu choralar naf bermagan va Moskvadagi o‘quvchilarda xorij saqichiga qiziqish yuqori darajada saqlanib qolavergan.
Fojia
1975 yil 10 mart kuni o‘rtoqlik o‘yinlaridan uchinchisi Moskvadagi Sokolniki muz saroyida SSSR o‘smirlar terma jamoasi bilan o‘kazilishi kerak edi.
Bundan avvalgi o‘yinlarda kanadaliklarning saqich tarqatganini eshitgan o‘quvchilar navbatdagi bahsga oqib kelishadi. Muz saroyiga qariyb besh ming tomoshabin kiritiladi. Saroyga sig‘maganlar tashqarida qolib ketishadi.
O‘yin tugagach kanadalik xokkeychilar tomoshabinlar o‘tirgan tribunalarga saqichlarni socha boshlashadi. Odamlar bir-birini bosib-yanchib oyoq ostiga tushayotgan saqichlarni terish uchun intiladi. Oqibatda tiqilinch yuzaga keladi.
Shu paytda kanadaliklar holatni suratga olayotganini ko‘rgan sovet mutasaddilari muz saroyidagi chiroqlarni o‘chirishadi. Sovet fuqarolarining saqich uchun talashayotganini xorijliklar ko‘rmasligi va suratga tushira olmasligi kerak edi.
Shundan so‘ng qorong‘ida holat battarlashadi va tiqilinchda odamlar halok bo‘la boshlaydi.
Keyinchalik o‘sha paytda 15 yoshda bo‘lgan qiz shunday eslaydi:
«Bepul saqichni eshitib o‘yinga tushish uchun juda ko‘p o‘quvchilar kelishdi. Men va ikki dugonamga omad kulib boqdi, muz saroyiga birinchilardan bo‘lib kirdik va kanadaliklar o‘tiradigan joyga yaqin bo‘lgan qatorga joylashdik. Kanadaliklar bir necha marta saroy bo‘ylab tomoshabinlar tomoniga saqich otib chiqishdi. Saroyda militsiya xodimlari ham bor edi, biroq ular oyoq ostidan saqich terayotgan bolalarga indashmadi. O‘yindan so‘ng kanadaliklar yana saqich sochishdi va so‘ng birin-ketin tashqariga chiqa boshlashdi. Men va dugonalarim ham ularni avtobusni oldida qarshilash uchun tashqariga otildik. Keyin esa ichkarida bolalar saqich uchun bir-birlarini bosib-yanchishganini va odamlar halok bo‘lganini bildik. O‘lganlar orasida sinfdoshimiz ham bo‘lgan».
O‘sha kuni tribunada muz saroyi direktori va uning yordamchilari, muz saroy joylashgan tuman militsiya bo‘limi boshlig‘i va yana bir qator boshqa mutasaddilar bo‘lgan. Biroq ular asosan o‘quvchilardan iborat tomoshabinlar bir-birini bosib saqich terayotganda hech narsa qila olmagan.
Hodisa guvohi bo‘lgan ayol shunday eslagandi:
«O‘yindan so‘ng tashqariga chiqish uchun erim bilan zinadan ko‘tarila boshladik. Shu payt tribunada o‘tirgan erkak bir bolani tepaga ko‘tardi va «To‘xtanglar» deb baqirdi. Ammo odamlar uning baqirganiga e’tibor bermay saqich terish uchun o‘zlarini o‘sha tomonga urishdi. Tashqariga chiqib qarasam yonimda erim yo‘q. Odamlar uni ham surib ketishgan ekan. Anchadan keyin militsiya xodimlari erimni behush holda olib chiqib sun’iy nafas bera boshlashdi. Keyin uni kasalxonaga olib bordik, o‘sha yerda erimning joni uzildi».
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra o‘sha kuni jami 21 kishi halok bo‘ladi. 25 kishi turli darajada tan jarohatlari oladi. Halok bo‘lganlarning 13 nafari 16 yoshga yetmagan bolalar bo‘lgan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘lganlar va jarohatlanganlar soni bir necha barobar ko‘p bo‘lgani aytiladi.
Garchi kanadaliklarning saqich tarqatishi ortidan fojia sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, ularga qolgan ikkita o‘yinni ham o‘tkazishga ruxsat berishadi.
O‘sha kuni kanadalik xokkeychilarga qarshi bahsda ishtirok etgan, keyinchalik ikki karra olimpiya chempioni bo‘lgan Aleksandr Kojyevnikov fojiani shunday eslagandi:
«Sokolnikida bahsda kanadalik o‘smirlarning ota-onalari, Kanadaning SSSRdagi elchixonasi xodimlaridan iborat muxlislar ham bor edi. Ular saqich sochilganda tomoshabinlarning bir-birini bosib, talashayotganini ko‘rib kulishdi. So‘ng suratga olishdi. O‘sha paytda SSSRda saqich chiqarilmasdi. Shu uchun barcha saqich talashib bir-birini bosib yanchib ketdi. Holatni kanadaliklar suratga olmasin deb muz saroyining chiroqlarini o‘chirishadi. Qorong‘ida vaziyat izdan chiqdi va odamlar halok bo‘ldi».
Sud va jazo
Fojia yuz bergandan so‘ng uni o‘rganish uchun komissiya tashkil etiladi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Barcha guvohlar va aybdor deb gumonlanganlar so‘roq qilinadi.
Oxir-oqibat fojia yuz berishida muz saroyi direktori, muz saroyi joylashgan mavzedagi 79-sonli militsiya va post-patrul xizmati boshliqlari aybdor deb topiladi. Sud ularning barchasiga uch yil qamoq jazosi beradi.
Bundan tashqari, Moskva shahar sport qo‘mitasining sport inshootlari bo‘yicha mudiri ishdan bo‘shatiladi.
Halokatdan so‘ng surishtiruv o‘tkazilganda Sokolniki muz saroyida bor-yo‘g‘i to‘rtta chiqish joyi bo‘lgani, tashqariga olib chiqadigan yo‘laklar, zinalar juda noqulay qilib qurilgani ma’lum bo‘ladi.
Shundan so‘ng muz saroyini ta’mirlash uchun uzoq vaqt yopib qo‘yishadi. Ta’mirlash vaqtida uning chiqish joylari o‘ntaga yetkaziladi. Yo‘lak hamda zinalarni xavfsiz harakatlanadigan qilinadi va so‘ng qayta ochiladi.
Soxta jamoa
Kanadaliklar bilan o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnashgan sovet o‘smirlarining bir qanchasi keyinchalik mahoratli xokkeychi bo‘lib yetishishadi.
Jumladan, Tijnix, Makarov, Starikov Chelyabinskning «Traktor», Gerasimov va Fetisov MASK (Markaziy armiya sport klubi), Zubkov, Kojyevnikov «Spartak» jamoalarida o‘ynashadi. Ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritishadi. Biroq «Barrie Coop» jamoasida o‘ynagan xokkeychilar izsiz yo‘qolishadi.
Keyinchalik Kanadada «Barrie Coop» nomli jamoa umuman yo‘qligi ma’lum bo‘ladi.
O‘sha paytlarda Kanada xokkeyi ligasida uchta – Vestern, Kvabek va Ontario o‘smirlar ligasi bo‘lgan. Ularning birontasida «Barrie Coop» jamoasi ishtirok etmagan.
Ontario ligasida «Barrie Cols» o‘smirlar jamoasi ishtirok etgan, biroq ularning «Barrie Coop» jamoasiga umuman aloqasi bo‘lmagan.
Keyinchalik aniqlanishicha, Wrigley kompaniyasi marketologlari sovet bozoriga kirish uchun reja tuzishadi. Ular havaskor o‘smirlardan iborat soxta jamoa tuzib SSSRga olib kelishadi.
1970-yillar boshida SSSR va Kanada xokkeychilari orasida yaxshi aloqalar yo‘lga qo‘yilgan, har ikki davlatning turli jamoalari tez-tez o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazib turgan.
Shu sababli hech qaysi ligada ishtirok etmaydigan «Barrie Coop» havaskor jamoasining SSSRga kelishi ham o‘sha hamkorlik tufayli bo‘lgan. Shunchaki, Wrigley kompaniyasi vaziyatdan foydalanib qoladi.
Sovetlar esa «dushman» G‘arbning bir davlati xokkey bo‘yicha hamkorlik qilayotganidan xursand bo‘lib taklif bilan chiqayotgan jamoani so‘rab-surishtirib ham o‘tirishmaydi.
Garchi, kanadaliklar jamoasi havaskorlardan iborat bo‘lsa ham sovet yoshlari bilan teng o‘ynaydi va bahslarda juda kichik farq bilan yengiladi. Masalan, fojia yuz bergan kuni o‘tkazilgan bahsda ular SSSR o‘smirlar terma jamoasiga 9:8 hisobida yutqazgan.
Saqich ishlab chiqarilmaydigan mamlakat
Eng qizig‘i, fojia yuz bergan yillarda SSSRda saqich mutlaqo ishlab chiqarilmagan. Shu sababli ham unga qiziqish kuchli bo‘lgan. Sovet idealogiyasida saqich zararli narsa, uni chaynab yurish odobsizlik sanalgan. Saqich sog‘lik uchun xavfli deb targ‘ibot olib borilgan.
Biroq Sokolniki muz saroyida sodir bo‘lgan fojiadan so‘ng mamlakat rahbariyati tashvishga tushib qoladi. Chunki oldinda 1980 yilda Moskvada o‘tkazilishi rejalashtirilgan olimpiada o‘yinlari bor edi.
Shundan so‘ng sovetlar Moskva olimpiadasida ham Sokolnikidagiday sharmandali fojia yuz bermasligining oldini olish uchun mamlakatda saqich ishlab chiqarish korxonalarini ochish kerak degan qarorga kelishadi.
1976-1977 yillar davomida Tallin, Rostov, Yerevan va Biysk shaharlarida SSSRdagi ilk saqich ishlab chiqaruvchi korxonalar ochiladi.
Fojianing yashirilishi
Sokolnikida sodir bo‘lgan hodisa garchi qariyb besh ming odamning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, sovetlar fojiani ommadan yashirishadi.
Fojia haqida eshitgan ayrim moskvaliklar hamdardlik bildirib, muz saroyi oldiga gullar qo‘yib keta boshlaydi. Tezda odamlar qo‘yib ketgan gullar yig‘ishtirib olinadi va muz saroyi hamda uning atrofi ta’mirlash bahonasida yopib qo‘yiladi.
Hodisa guvohlari bo‘lgan qariyb barcha suhbatdan o‘tkaziladi (aslida so‘roq qilinadi). Ularga fojia haqida hech qayerda gapirmaslik, aks holda jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligi aytiladi.
Hodisada halok bo‘lganlarning (shu jumladan bolalarning) dafn marosimi imi-jimida o‘tkaziladi. Ularning muz saroyidagi tiqilinchda saqich talashib vafot etgani barchadan sir tutiladi.
Sokolnikidagi fojia haqida oradan qariyb 15 yil o‘tib, 1980-yillar oxirida boshlangan oshkoralik zamonlarida gazetalarda xabarlar beriladi. Ungacha omma bu fojiadan bexabar qoladi. 2013 yilga kelib muz saroyi oldida yodgorlik peshtaxtasi o‘rnatiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
16:15 / 17.10.2024
Bir jinoyat tarixi: qotillik qurboni bo‘lgan 72 yoshli aktrisa
15:11 / 13.10.2024