Jahon | 21:58 / 20.02.2026
15277
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eron qirg‘oqlari yaqinida yirik harbiy guruhni to‘pladi

AQSh 2003 yilda Iroqqa bostirib kirishdan oldin Yaqin Sharqda deyarli shuncha qo‘shin to‘plagan edi. To‘plangan kuchlar Eronga qarshi havo urushini ko‘p haftalar davomida olib borish imkonini beradi - agar uni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilinsa.

Foto: U.S. Navy

Meduza nashriga ko‘ra, mintaqada allaqachon «Avraam Linkoln» aviatashuvchi hujum guruhi joylashgan, «Jyerald Ford» aviatashuvchi guruhi ham yaqinlashmoqda. Arabiston dengizida, Eronga bevosita yaqin joyda, shuningdek, Qizil va O‘rtayer dengizlarida kamida 13 ta kema, shu jumladan ballistik raketalarni tutib olish va Tomahawk qanotli raketalari bilan zarba berish qobiliyatiga ega yettita «Arli Byork» esminetslari mavjud.

Bir necha o‘nlab samolyotlardan iborat aviatsiya guruhiga beshinchi avlod F-22 va F-35 qiruvchi samolyotlari kiradi, ular radarlarga sezilmasligi tufayli Eron havo mudofaasiga qarshi muvaffaqiyatli harakat qila oladi. Ular allaqachon 2025 yil yozida Amerikaning Eron yadroviy obektlariga bergan zarbalari paytida B-2 strategik bombardimonchi samolyotlariga hamrohlik qilish uchun ishlatilgan.

«Arli Byork» esminetsi. Foto: U.S. Navy
F-35 qiruvchi samolyoti. Foto: U.S. Navy

EA-18G radioelektron kurash samolyotlari Eron raketa tizimlarini bostirish uchun mo‘ljallangan, F-15E va F-16 qiruvchi samolyotlari esa javob hujumlari, jumladan Isroil va Amerika bazalariga hujum qilingan taqdirda Eron havo kemalarini tutib olish uchun mo‘ljallangan.

Samolyotlar guruhi Qatar va Bahrayndagi Amerika bazalarida, Fors ko‘rfazi orqali Eronning shundoqqina qarshisida va Iordaniyadagi bazada joylashtirilgan. Saudiya Arabistonidagi bir nechta bazalarda ham katta kuchlar mavjud. Ammo qirollik AQShga o‘z havo hududidan Eronga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat bermadi. Bu kuchlarni eng yaqin rezerv sifatida qarash mumkin.

Bundan tashqari, Hind okeanida, Eronning markaziy qismidan taxminan besh ming kilometr uzoqlikda AQSh-Buyuk Britaniya aviabazasi joylashgan bo‘lib, u yerda 2025 yil yozida Eronning Fordo yadroviy obektiga tashlangan o‘ta kuchli bunkerga qarshi bombalarni olib yurishga qodir B-2 va B-52 strategik bombardimonchi samolyotlari joylashgan.

Yordamchi kuchlar tarkibiga kamida 39 ta KC-135 yoqilg‘i quyish samolyotlari, uzoq radiolokatsion aniqlash samolyotlari, kamida 29 ta transport vositasi, jumladan C-17 va C-5 ta’minotchisi, shuningdek, orqa ta’minot kemalari kiradi.

KC-135 yoqilg‘i quyish samolyoti va B-2 bombardimonchi samolyoti.
Foto: U.S. Air Force
THAAD raketalarga qarshi mudofaa tizimi.
Foto: U.S. Air Force

Bazalar va ittifoqchilarni himoya qilish uchun AQSh mintaqada qo‘shimcha THAAD va Patriot raketalarga qarshi mudofaa tizimlarini joylashtirdi. Havo hujumidan mudofaa brigadasi joylashgan Fort-Hud bazasidan kamida bitta samolyot Iordaniyaga yetib keldi.

Reuters nashrining ta’kidlashicha, AQSh harbiylari Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyaga tayyor. AQSh Eronning yuqori martabali amaldorlari va qo‘mondonlarini yo‘q qilish uchun aniq zarbalar berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampning buyrug‘i bilan Eronda rahbariyat almashishi ham muhokama qilinmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid