O‘zbekiston | 10:58 / 10.12.2019
8975
6 daqiqa o‘qiladi

Onlayn-NKM va virtual kassa qanday o‘rnatiladi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi?

Foto: Sergey Mixeyev/RG

Vazirlar Mahkamasi tomonidan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qo‘llanilishini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qilindi.
 
Norma’ning yozishicha, poytaxtda hisob-kitoblar haqidagi ma'lumotlarni soliq organlariga real vaqt rejimida yetkazilishini ta'minlaydigan onlayn-NKM joriy etish bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshirilgan edi. Savdo va xizmatlar ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub'yektlari ixtiyoriy ravishda tajribada ishtirok etdilar.
 
Naqd tushumga ega tadbirkorlarni onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish grafigi tasdiqlandi. Unda belgilangan muddatlar kelguniga qadar ixtiyoriy tartibda, muddat kelgach esa majburiy tartibda o‘tish amalga oshiriladi. Birinchilardan bo‘lib alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, avtomobillarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlari o‘tadilar. Ular uchun 2020 yil 1 yanvardan onlayn-NKMdan foydalanish majburiy bo‘ladi. Olis, borish qiyin bo‘lgan aholi punktlaridagi tadbirkorlik sub'yektlari bundan mustasno, ular uchun alohida grafik tasdiqlanadi.
 
Qabul qilingan hujjat bilan 4 ta nizom tasdiqlandi, ularda quyidagilar tartibga solingan:

• aholi bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda qo‘llanilishi ruxsat etilgan onlayn-NKM yoki virtual kassa tizimidan foydalanish tartibi. «Onlayn-NKM», «virtual kassa», «fiskal modul» tushunchalariga aniq ta'rif berilgan;
• onlayn-NKM, virtual kassa va fiskal modulga qo‘yiladigan texnik talablar;
• virtual kassa, onlayn-NKM va fiskal modullarga texnik xizmat ko‘rsatish markazlari davlat reyestrini yuritish tartibi, shuningdek ularga qo‘yiladigan alohida talablar;
• onlayn-NKM va virtual kassalar davlat reyestrini yuritish mexanizmi. 
 
Onlayn-NKMga o‘tish: texnik xizmat ko‘rsatish markazini tanlash – qurilmani sotib olish – ro‘yxatdan o‘tkazish – foydalanish
 
Respublika hududida faqat Davlat reyestriga kiritilgan onlayn-NKM va virtual kassalardan foydalanilishi mumkin.
 
DSQ tomonidan ishlab chiqilgan virtual kassa dasturiy mahsulotining asosiy qismi (bazasi) foydalanuvchiga tekinga beriladi. Ushbu baza yordamida quyidagilar amalga oshiriladi:

• tovarlarni kirim qilish;
• kassa chekini shakllantirish;
• fiskal modul bilan integratsiya qilish;
• cheklarni onlayn rejimda operatorga yuborish (DSQ huzuridagi «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi» DUK);
• tovarlar nomenklaturasini yuritish;
• umumiy va Z-hisobotini shakllantirish (fiskal modulning operativ xotirasidan chiqariladigan asosiy fiskal ma'lumotlar qayd etilgan cheklar bo‘yicha kunlik hisobot) va boshqalar.
 
Onlayn-tizimga o‘tgan tadbirkorlar tomonidan xaridorlarga to‘lov terminali cheki bilan birga virtual kassa yoki onlayn-NKM cheki ham berilishi shart (plastik kartochkalar orqali to‘lovlarni ham qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lganlari bundan mustasno). Ushbu cheklar kengligi 55 mm dan kam bo‘lmagan maxsus oq qog‘ozlarda bo‘lishi, undagi yozuvlar qora rangda bo‘lishi va harflar balandligi 2 mm dan kam bo‘lmasligi lozim.
 
Onlayn-NKM va virtual kassa cheklarida quyidagi ma'lumotlar bo‘lishi shart:

• chekning tartib raqami;
• onlayn-NKMning zavod raqami yoki virtual kassaning seriya raqami;
• tadbirkorlik sub'yektining nomi, STIR;
• pulli hisob-kitoblar amalga oshiriladigan manzil;
• tovar/xizmat nomi;
• markirovka qilinadigan tovarlar uchun markirovka kodi;
• tovar/xizmat miqdori;
• tovar/xizmat narxi (qiymati);
• QQS stavkasi va summasi;
• to‘lov shakli: naqd, plastik karta yoki aralash;
• to‘lovning jami summasi;
• to‘lov sanasi va vaqti;
• fiskal modulning takrorlanmaydigan raqami;
• fiskal belgi;
• berilgan kassa chekining haqiqiyligini tekshirish uchun kamida 30 x 30 mm o‘lchamdagi QR-kod.
 
Tadbirkorlik sub'yektlari Davlat reyestriga kiritilgan onlayn-NKM va (yoki) virtual kassalarni mustaqil sotib olishga haqli. Buning uchun ular o‘zlari tanlagan istalgan reyestrga kiritilgan texnik xizmat ko‘rsatish markazlariga murojaat qilishlari mumkin. Fiskal modul o‘rnatilgan va ishchi holatga keltirilgan qurilma murojaat tushgan kundan boshlab 1 ish kuni ichida taqdim etiladi. Kafolatli xizmat ko‘rsatish shartnoma asosida amalga oshiriladi.
 
Tadbirkor NKM yoki virtual kassadan foydalanishdan oldin uni soliq organida ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Buning uchun texnik xizmat ko‘rsatish markazlari yoki ularning filiallari orqali yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat qilinadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

• turg‘un shoxobcha mavjudligini tasdiqlaydigan hujjatlarning nusxalari (bino yoki uning qismining ijara shartnomasi yoki kadastr hujjati);
• onlayn-NKM va (yoki) virtual kassaga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta'mirlashga tuzilgan shartnomaning nusxasi;
• savdo (xizmat ko‘rsatish) shoxobchasi manzilining koordinatalari.
 
Taqdim etilgan ma'lumotlar o‘rganib chiqiladi va qabul qilingan vaqtdan boshlab 4 soat ichida maxsus tizimda qayd etiladi. Qurilma ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi ma'lumot tadbirkorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Ro‘yxatdan o‘tish bepul.
 
Onlayn-NKM yoki virtual kassa o‘rnatilguniga qadar foydalanuvchi xaridor bilan hisob-kitoblarni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan maxsus kvitansiya daftarchasi (shakli hujjatga ilovada tasdiqlangan) asosida amalga oshiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid