O‘zbekiston | 22:51 / 27.08.2020
19998
4 daqiqa o‘qiladi

«Faoliyatimni siyosiylashtirmasliklarini so‘rayman» - ozodlikka chiqqan adabiyotshunos Akrom Malik bilan suhbat

2016 yilda qamoqqa olingan adabiyotshunos olim Akrom Malik (Malikov) prezident tomonidan imzo chekilgan afvnomaga ko‘ra ozod qilindi. Kun.uz ozodlik ostonasida turgan tadqiqotchi bilan suhbat uyushtirdi.

  • Ma'lumot uchun, o‘zbek jamoatchiligi Akrom Malikni navoiyshunos tadqiqotchi, shuningdek, yozuvchi va shoir sifatida taniydi. U 2016 yil iyul oyida MXX tomonidan qamoqqa olingan, keyinchalik sud tomonidan Jinoyat kodeksining 159-moddasi («Konstitutsion tuzumga tajovuz») hamda 244-moddasi («Jamoat xavfsizligiga tahdid») bilan ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

O‘tmish va xatolar

2016 yili muxolifatdagi shaxslar bilan muloqotga kirishib, Abdulloh Nusrat taxallusi bilan bir necha tanqidiy maqolalar yozganman. Mana, berilgan 6 yil jazo muddatining 4 yilini o‘tkazdik...

Vaqt o‘tib, qilgan xatolarimni tushunib yetdim. Kamchiliklarimni anglagach, prezidentimizga ota-onam va o‘zim bir necha marotaba iltimosnoma kiritdik. Afv xatlari yozdik. Bir qancha ochiq murojaatlar bilan chiqdim. Xatolarimni anglab yetganimni bayon qildim. Imkon bo‘lib, muddatidan oldin ozodlikka chiqarsalar, xalqimizga, davlatimizga baholi qudrat xizmat qilishimni aytdim. Mana shu iltimoslarimiz yerda qoldirilmadi. Ko‘rsatgan ishonchlari uchun muhtaram Shavkat Mirziyoyevga o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Menga ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Bu yerda jismoniy va ruhiy bosimlar bo‘lgani haqida so‘rashadi. Alhamdulillah, hammasi yaxshi. Qamoqdagi muhit o‘zgargan, mahkumlarga munosabat bugun boshqacha. Insoniylik va qonuniylik tamoyillarga asosan munosabatda bo‘lishadi.

Qamoqda yashash baribir murakkab. Bu yerda jinoyatchilar bor, turli fe'l-atvorli odamlar bor. Albatta, ularning har birini tilini topish oson emas...

Kelgusidagi rejalar

Niyatlarim – shaxsiy hayotni o‘z o‘rniga qo‘yish. Ota-ona xizmatida bo‘lish. Oliy ta'limda magistraturani birinchi bosqichini yakunlaganman, ikkinchi bosqichdan tiklash kerak. Qolaversa, Alisher Navoiy bobomizning asarlarini, milliy merosimizni o‘rganish, sharhlash, xalqimizga ularni yetkazishni qalbimga tugib qo‘yganman.

Yoshlik juda katta imkoniyatlar, qiziqqonlik, shijoat davri. Hayotni anglamagan paytda kichik bir nohaqlikni ko‘rsa ham inson yonib ketadi, biroz shoshib munosabatda bo‘lishi mumkin.

adabiyotshunos olim Akrom Malik (Malikov)

Yoshlarga aytmoqchimanki, albatta nohaqlik qarshisida sukut saqlamaslik kerak. Inson unga qarshi turishi zarur. Faqat sodir bo‘layotgan o‘sha voqeaning mohiyatiga, zamiriga nazar solishni o‘rganish juda muhim. Asosiysi, qalbdagi niyatni to‘g‘ri qilish kerak.

So‘zim so‘ngida aytmoqchiman – yaxshimi yomonmi bir yo‘lni bosib o‘tdik. O‘zimizdami, xorijda bo‘ladimi, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslardan mening shaxsimni yoki faoliyatimni siyosiylashtirmaslikni iltimos qilaman.

Chunki men bundan keyingi faoliyatimni, butun diqqat e'tiborimni ilmiy izlanishlarga bag‘ishlamoqchiman. Fursatdan foydalanib yana bir bor imkoniyat berganlari, ishonch va yangi hayot sahifalarini ochishda menga sharoit hozirlab berganlari uchun muhtaram prezidentimizga avvalo o‘zim, ota-ona, yoru-do‘stlarim nomidan chin dildan, samimiy minnatdorlik bildiraman.

Abdulhamid Malikov, otasi:

– O‘g‘limiz eson-omon bag‘rimizga qaytgani uchun Allohga behisob shukrlar bo‘lsin, prezidentimizga alohida minnatdorchilik bildiraman. Yoshi saksondan oshgan onam nabirasini tunu-kun kutardi, mana, shukrki diydorlashish nasib qildi.

Endi o‘g‘limiz ilm yo‘lida astoydil shug‘ullanadi, Hazrat Navoiyning merosini o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqadi. Nasib qilsa, Akromjonning o‘qishini ham tiklaymiz, domlalari o‘zlari bu masalada bog‘lanishdi, ilmiy ishlarini ham davom ettiradi.

Alloh nasib qilsa, yaqinda o‘g‘limizni uylantiramiz, to‘ylarga kelasizlar, xursandchiligimizga sherik bo‘lasizlar.

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Doniyor Yakubov.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов

Mavzuga oid