22:40 / 30.03.2018
41277

«Hozir tadbirkor bir xodimga 1 million so‘m to‘lash uchun 500 ming so‘m soliq to‘lashga majbur bo‘lmoqda»

O‘zbekiston fuqarolarining 13 milliondan ortig‘i mehnatga layoqatli hisoblanadi. Lekin, O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Musayevning soliq konsepsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan anjumanda ma'lum qilishicha, ularning faqat bir qismigina daromad solig‘i to‘lamoqda.

Musayevning ma'lumot berishicha, O‘zbekiston aholisidan 5,7 milliondan ortiqrog‘i rasman ish joyiga ega - ular daromad solig‘i to‘laydi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarining aytishicha, qo‘mita raqamlarni aniqlashtirish uchun tekshiruv o‘tkazadi. U soliqchilar ba'zi savdo obektlarida tekshiruvlar o‘tkazishgani va bu obektlarning ba'zi xodimlari norasmiy ravishda ishlab kelayotganini aniqlashganini aytib o‘tgan.

Musayev bunda tadbirkorlarni ayblashdan yiroqligi, ular xodimga 1 million so‘m maosh to‘lash uchun shuning teng yarmicha, ya'ni, 500 ming so‘m miqdorida soliq to‘lashga majbur bo‘layotganini qayd etgan.

Prezidentning 2018 yil 13 fevraldagi «Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi soliq yukini kamaytirish, QQS stavkalarini pasaytirish, qator soliqlar va majburiy to‘lovlarni bekor qilishni, shuningdek, soliq ma'murchiligini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi 2018—2020 yillarga mo‘ljallangan Soliq tizimini tubdan isloh qilish konsepsiyasi loyihasini tayyorladi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e'lon qilingan.

Mavzuga oid
Top