Jahon | 07:41 / 11.08.2025
8343
2 daqiqa o‘qiladi

Eron rasmiysi: Zangezur yo‘lagi «Tramp yollanma askarlari qabristoni»ga aylanadi

Eron rasmiylari AQSh Armaniston janubidan o‘tuvchi, Ozarboyjon va Naxichivon eksklavini bog‘lovchi Zangezur transport yo‘lagini nazorat qilish uchun olishiga qarshi chiqdi.

Foto: Tasnim

Eron oliy rahbarining xalqaro ishlar bo‘yicha maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiy islom respublikasi yo‘lak yaratilishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yo‘lak AQSh prezidentiga tegishli yo‘l emas, balki «Donald Tramp yollanma askarlari qabristoni»ga aylanadi.

Viloyatiy Eron har doim Zangezur yo‘lagini yaratishga qarshi bo‘lgani, chunki bu Eron chegaralarini qayta ko‘rib chiqishga va Armanistonning parchalanishiga olib kelishi, shuningdek, Janubiy Kavkaz xavfsizligini xavf ostiga qo‘yishini ta’kidlagan. U bunday yo‘lak yaratilishini Eron va qo‘shni davlatlarga qarshi siyosiy fitna deb baholagan.

«Natijada Eron Rossiya bilan birga yoki Rossiyasiz Janubiy Kavkaz xavfsizligi manfaatlariga muvofiq harakat qilishini ta’kidlamoqda. Bizning fikrimizcha, Rossiya ham bu koridorga strategik jihatdan qarshi», – deya Viloyatiyning so‘zlarini keltirgan Tasnim agentligi. Uning qayd etishicha, Eron «o‘z manfaatlarini qat’iy himoya qilish huquqiga ega».

Eron oliy rahbari maslahatchisi qo‘shimcha qilishicha, Ozarboyjonga Naxichivon avtonom respublikasiga borish uchun alohida yo‘lak kerak emas, chunki bunday aloqa uchun Eron hududidan foydalanishi mumkin.

Armaniston va Ozarboyjon 8 avgust kuni AQSh vositachiligida harbiy harakatlardan voz kechish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Deklaratsiyaga Ozarboyjon va Naxichivon eksklavi o‘rtasida transport yo‘lagi yaratilishi ham ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid