O‘zbekiston | 10:58 / 09.02.2023
18177
4 daqiqa o‘qiladi

“Avval o‘qituvchi, keyin hokim, hozir esa prezident bo‘lmoqchiman” – yosh o‘quvchi qiz hikoyasi

Nukusdagi prezident maktabiga ikkinchi o‘rinda kirgan, biroq olis hududdan bo‘lgani uchun onasi qizining bu yerda o‘qishga imkoni yo‘q deb o‘ylagan Ayjamal Sakbergenova bilan suhbatlashdik. Onasi qizchadan imtihonda ataylab bir nechta savolni xato ishlashni so‘ragandi.

Ayjamal Sakbergenova

Qoraqalpog‘istonning olis hududida ta’lim olib, Nukusdagi prezident maktabiga ikkinchi o‘rinda kirgan qizaloq Ayjamal Sakbergenova haqida o‘qigandingiz. Onasining yolg‘iz yordamchisi bo‘lgani va oilaning qizchani shaharda o‘qitish imkoni bo‘lmagani uchun onasi dastlab Ayjamalning prezident maktabida o‘qishini xohlamagan, lekin qizaloq yuqori natija bilan maktabga kirgach uni o‘qishga jo‘natgan edi. Hali endi 5-sinfda o‘qiyotgan qizaloqning hikoyasini to‘liq tinglashni xohladik.

“Ukamga qarab turardim...”

Qorao‘zak tumanidagi 17-maktabda o‘qiganman. Oilada onam, ukam va men yashaymiz. Onam maktabda qoraqalpoq tilidan dars beradi. Onam tushgacha maktabda dars beradi, mening esa o‘qishim tushdan keyin edi. Shuning uchun tushlik vaqti onam maktabdan qaytguncha uyda ukamga qarab turardim.

Bundan tashqari, kunlik yumushlarimga qo‘shnimizning qudug‘idan uyga suv tashish ham kirardi. Kechki payt esa maktabdan qaytib, darslarimni qilardim.

O‘qishni juda yaxshi ko‘raman. Maktabda o‘qituvchi hali o‘tib bermagan mavzularni ochib o‘qib ko‘rardim va oldindan bilib olishga qiziqardim. Onam ham kitoblar keltirib berar edi.

Ingliz tilini dadam bor paytida (Ayjamalning dadasi vafot etgan) birgalikda kitoblar o‘qib o‘rganganmiz. Maktabda ingliz tili bo‘yicha turli tanlovlarda qatnashganman.

Bir kuni sinf rahbarimiz qiziquvchilarni tuman markazida prezident maktabi uchun o‘tkazilgan sinovga olib bordi. Oldinroq onam prezident maktabi imtihonida tushadigan savollar bor kitob ham olib bergan edi. Shuning uchun o‘sha kungi imtihonda natijam yaxshi bo‘ldi, so‘ng qiziqib qolib maktabga hujjat topshirdim.

Birinchi turdan o‘tganimdan so‘ng onam “Ikkinchi turga bormay qo‘yaqolgin, o‘tib ketsang ham baribir seni u maktabda o‘qitolmayman”, dedi. Lekin qiziqishim yuqori bo‘lgani uchun baribir imtihonga bordim. Hali javoblar chiqmay turib qarindoshlarimiz “Imtihondan o‘tdingmi?” deb so‘rayverishganda “Ha, o‘tdim”, deb yubordim. Keyin aniq javoblar chiqqach bilsam, rostanam imtihondan o‘tgan ekanman.

Boshida prezident maktabida o‘qiy boshlagach, biroz qiynaldim. Hozir darslar tobora osonlashib boryapti. Ko‘proq matematika va ingliz tilini yaxshi ko‘raman.

“Uyimga qaytishga har doim ham mashina bo‘lmaydi...”

Nukusda o‘qiy boshlagach boshida har hafta uyga bordim. Qishlog‘imiz tuman markazidan uzoqroqda bo‘lgani uchun har doim ham mashinalar topilavermaydi. Shuning uchun hozir ikki haftada bir uyga boraman. Mana shu hafta ham uyga bormayapman, onamni ko‘ra olmayman. Lekin keyingi hafta, albatta, uyga boraman.

“Prezident bo‘lsam...”

Kelajakda yaxshi o‘qishlarda o‘qib, yaxshi joylarda ishlab pul topib onamni xursand qilmoqchiman. Ukamga esa o‘zi xohlagan mashinasini olib beraman. Bu yil u ham maktabga chiqadi, mashinalarga juda qiziqadi.

Boshida o‘qituvchi bo‘lmoqchi edim. Keyin hokim, hozir esa prezident bo‘laman deyman. Agar prezident bo‘lsam, shunga o‘xshash maktablardan ko‘pini quraman.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid