Jamiyat | 18:35 / 05.12.2020
34258
6 daqiqa o‘qiladi

Xarobada qolgan poytaxtliklar. Amalga oshmagan “Toshkent-4” terminali jabrdiydalari qanday yashamoqda?

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining shundoqqina biqinida yuzlab aholi ko‘p yillardan beri vayronalar orasida yashab kelmoqda. «Toshkent-4» terminali qurilishi sabab qilinib, Sergeli tumanidagi Qo‘shqo‘rg‘on ko‘chasida uylar “terib-terib” buzilgan. Buzish ishlari oxiriga yetkazilmagan. Vayronalar tekislab qo‘yilmagan. Aholi esa turli hasharotlar, it, mushuk va hatto ilonlar orasida yashamoqda.

Sergeli tumani Qo‘shqo‘rg‘on mahallasidan kelgan murojaatni o‘rganish uchun yo‘lga otlandik.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining shundoqqina yonidagi ushbu ko‘chada o‘nlab uylar va unda yashayotgan aholi dahshatli darajada tang ahvolda qolganiga guvoh bo‘ldik. Ko‘chalar loy, buzilgan uylarning xarobalari hamda qazilgan chuqurliklar shundoqligicha tashlab ketilgan. Atrof xuddi tabiiy ofat yoki urush bo‘lgan manzarani eslatadi. Poytaxtda shunday joy bor ekanmi, deya ko‘zlarimizga ishongimiz kelmadi. 

«Noto‘g‘ri «snos» natijasida it, mushuk va ilonlar orasida yashashga majbur bo‘lyapmiz»

Qo‘shqo‘rg‘on ko‘chasidagi uylari buzilmay qolgan fuqarolar bilan suhbatlashdik.

«Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonovning «Toshkent-4» aviaterminalini qurish haqidagi qaroriga asosan 120ta xonadon buzilishga tushgan edi. 2015 yilda buzish ishlari olib borildi. Noma'lum sabablar bilan 25ta xonadon buzilmay, vayronalar ichida qolib ketdi.

«Toshkent-4» terminali ham qurilmaydigan bo‘ldi. Bu hudud vayronalar ichida qolgan 25ta xonadon vakillarining yashashi uchun sanitar-epidemiologik normalarga javob bermaydi. Hasharot-u jonzotlar juda ko‘p. Chayon, chivin va daydi itlar, hatto ilonlar makoniga aylandi. Ekskavatorlar ayrim buzilgan uylarni tekislash o‘rniga 7-8 metrlik chuqurlar qazib, shu holatda tashlab ketgan. Besh yildan buyon shunday og‘ir ahvolda yashab kelyapmiz.

Bu holat havo kemalarida O‘zbekistonga kirib kelayotgan va uchib ketayotgan mehmonlarga kaftdek ko‘rinib turadi. Ushbu hudud uchish-qo‘nish chiziqlariga 150-200 metr masofada joylashgan.

Ushbu holat yuzasidan Sergeli tuman va Toshkent shahar hokimiyatiga, bosh prokurorga bir necha marta murojaat qilganmiz. “Buzilish ijobiy hal qilinadi”, deb va'da berilgan edi. Ammo hozirgi kunga qadar vayronalar orasida qolib ketgan xonadonlarning taqdiri hech kimni qiziqtirmayapti”, deydi shu yerda yashab kelayotgan fuqarolardan biri.

Qolib ketgan uylar taqdiri tez orada hal etiladi – Toshkent shahar hokimligi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi

Ayni masala yuzasidan Toshkent shahar hokimligidan izoh so‘radik. Hokimlik qoshidagi kompensatsiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi bo‘lim boshlig‘i Nurilla Mamanazarovning aytishicha, ushbu uylar taqdiri tez orada hal etiladi.

«Toshkent shahar Yer tuzish va ko‘chmas mulk Davlat korxonasi Sergeli tumani bo‘limi, Toshkent shahar hokimining 2015 yil martdagi 181-sonli qaroriga asosan Sergeli tumani «Toshkent xalqaro aeroporti» unitar korxonasining janubiy chegarasidan Qo‘shqo‘rg‘on, Qo‘shqo‘rg‘on-3 tor va Uchqo‘rg‘on ko‘chalari oralig‘ida joylashgan yakka tartibdagi turar joy binolari buzilishi hisobiga obodonlashtirish ishlarini olib borish haqida qaror qabul qilingan.

Qaror bo‘yicha 138ta uy-joy buzilishga tushgan bo‘lib, 449ta oila uydan ko‘chirish ro‘yxatiga kiritilgan va shulardan 374ta oila yashashini inobatga olgan holda uydan ko‘chirish va yetkazilgan zararni qoplash maqsadida rozilik arizalarini qabul qilib, uy-joy bilan ta'minlash ishlari boshlangan.

Hozirgi kunga kelib to‘liq buzilgan uylarning umumiy soni 111ta bo‘lib, ularda yashovchi 336ta oila bosh xonadonlarga ko‘chirildi. 27ta uy-joy buzilmay qolib ketgan.

Hozirda qolgan uy-joylardagi fuqarolardan arizalar olingan va tez orada ularning muammolari ham hal etiladi», deydi Nurilla Mamanazarov.

Mamanazarovning qo‘shimcha qilishicha, uylar buzilmay qolib ketganligining asosiy sababi fuqarolar uy-joyiga nisbatan ko‘p narsa so‘rashgan.

U «Nima uchun hududdagi vayronalar oradan besh yil vaqt o‘tganiga qaramay, tartibga keltirib qo‘yilmagan?» degan savolimizga Sergeli tuman hokimligi javob berishi kerakligini aytdi.  

«Snos»lar hamon fuqarolar uchun og‘riqli va dardli masala bo‘lib qolmoqda

Xoh turar, xoh noturar joy bo‘lsin, mulk davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilsa yoki buzib tashlansa, uning ortidan muammolar kelib chiqaveradi. Saytimiz orqali ham ko‘plab fuqarolar va tadbirkorlarning kompensatsiya masalalari hal etilmasdan turib, bino-inshootlari buzib tashlangani aks etgan maqolalar e'lon qilingan.

Qo‘shqo‘rg‘ondagi holat esa qachonlardir ko‘r-ko‘rona amalga oshirilgan «snos» oqibatidir. Buning natijasida yuzlab fuqarolar vayronalar ichida yashashga majbur bo‘lmoqdalar.

Nahotki besh yil ichida bu fuqarolarni rozi qilishning imkoni topilmagan bo‘lsa?! Hech bo‘lmaganda buzilgan uylar o‘rnida qolgan vayronalar, chuqurlar tekislab qo‘yilishi ham mumkin edi-ku...

Aeroport har bir davlatning ramziy ostonasi ekanligini hisobga olsak, xorijlik mehmonlarning nigohi, avvalo, mana shunday xarobalarga tushishi mamlakat imiji uchun salbiy ta'sir o‘tkazmay qolmasa kerak.

Toshkent shahar hokimligidan ushbu xarobalar ichida yashayotgan aholi muammolarini yechishga qaratilgan amaliy harakatlar kutib qolamiz.

Mavzuga yana qaytamiz.

Rahmatillo Isroilov

Mavzuga oid