Jamiyat | 09:03 / 23.04.2026
2418
1 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarga soliq organlari nomidan soxta xatlar kelmoqda

So‘nggi kunlarda tadbirkorlarga soliq organlari nomidan yuborilayotgan soxta elektron xatlar ko‘paydi. Mutaxassislar bunday xabarlardagi havolalarni bosish yoki fayllarni ochish shaxsiy va bank ma’lumotlarining o‘g‘irlanishiga, hatto hisobdagi mablag‘larni yo‘qotishga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar soliq boshqarmasi hamda yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi nomidan yuborilayotgan ayrim elektron xatlar rasmiy tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan. Ushbu xabarlar ortida firibgarlar turgan bo‘lib, ular orqali qurilmalarga zararli dasturlar yuklanishi, shuningdek, foydalanuvchilarning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari qo‘lga kiritilishi mumkin.

Qayd etilishicha, ayni shunday holatlar orqali karta ma’lumotlari o‘g‘irlanib, hisobdagi pullarni yechib olish holatlari ham ko‘paymoqda. Shu bois tadbirkorlar har qanday shubhali xat va xabarlarga nisbatan juda ehtiyotkor bo‘lishi kerak.

Eslatilishicha, soliq organlarining barcha rasmiy xabarlari faqat shaxsiy kabinet orqali yuboriladi. Boshqa manbalardan kelgan shubhali xatlarga ishonish, ulardagi havolalarni bosish, fayllarni ochish yoki ma’lumot kiritish xavfli hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid