O‘zbekiston | 14:38 / 31.03.2021
5810
2 daqiqa o‘qiladi

Iyul oyiga qadar yana 5,5 mln doza vaksina keltiriladi – SSV

O‘zbekistonga may-iyun oylarida 2 million doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 million doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalari olib kelinadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev ma'lum qilgan. 

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, 17 mart kuni Toshkentga Covid-19’ga qarshi AstraZeneca (CoviShield ) vaksinasining birinchi partiyasi - 660 ming doza olib kelingandi. 27 mart kuni Xitoydan yana bir partiya – 1 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi keltirildi.
  • O‘zbekistonda aholini ommaviy emlash jarayoni 2021 yilning aprel oyidan boshlanishi e'lon qilingan. Birinchi galda katta shaharlarda, keyinroq tumanlardagi aholini emlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
  • Emlash jarayonida AstraZeneca hamda ZF-UZ-VAC2001 vaksinalarining har ikkalasidan ham foydalaniladi. Aprel oyida birinchi galda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahri va boshqa katta shaharlarda aholini emlash ishlari boshlanadi. May oyida tumanlar va kichik shaharlar aholisi emlanadi. Qolgan aholi qatlamini emlash esa iyun oyida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid