O‘zbekiston | 11:29 / 13.07.2024
10965
4 daqiqa o‘qiladi

Singapur pasporti – «eng kuchli», O‘zbekiston pasporti – 79-o‘rinda

Henley Passport Index 2024 reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston pasportiga ega shaxslar oldindan viza olmagan holda 64ta mamlakatga borishi mumkin. Taqqoslash uchun, 2023 yilda o‘zbekistonliklar 59 ta davlatga vizasiz kira olgan. 

Foto: Henley Passport Index 2024

Viza va fuqarolik olish masalalari bo‘yicha xalqaro konsultativ markaz – Henley & Partners dunyo mamlakatlari pasportining an’anaviy yillik reytingini e’lon qildi.

Reyting Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi bergan ma’lumotlar asosida tuzilgan. Unda davlatlarning fuqarolik pasporti o‘z egasiga nechta mamlakatga avvaldan viza olmasdan (umuman viza olmasdan yoki yetib borganidan keyin viza olgan holda) kirib borish imkonini berishi inobatga olingan.

2024 yilgi indeksda O‘zbekiston pasporti Kuba, Mangoliya va Mozombik pasportlari bilan birga 79-o‘rinni qayd etgan. Ushbu to‘rtta mamlakat fuqarolari 64 ta davlatga avvaldan viza olmay kirib boraverishi mumkin.

O‘zbekiston pasportining Henley Passport Index bo‘yicha oxirgi yillardagi pozitsiyasi:

  • 2016 yil: 52 ta davlatga vizasiz borish imkoni, 85-o‘rin;
  • 2017 yil: 53 ta davlatga vizasiz borish imkoni, 83-o‘rin;
  • 2018 yil: 59 ta davlatga vizasiz borish imkoni, 82-o‘rin;
  • 2019 yil: 56 ta davlatga vizasiz borish imkoni, 85-o‘rin;
  • 2020 yil: 57 ta davlatga vizasiz borish imkoni, 83-o‘rin;
  • 2021 yil: 56 ta davlatga vizasiz borish imkoni, 92-o‘rin;
  • 2022 yil: 57 ta davlatga vizasiz borish imkoni, 86-o‘rin;
  • 2023 yil: 59 ta davlatga vizasiz borish imkoni, 85-o‘rin;
  • 2024 yil: 64 ta davlatga vizasiz borish imkoni, 79-o‘rin.

Reytingda birinchi o‘rinni Singapur pasporti egallagan. Henley kompaniyasiga ko‘ra, bu davlat fuqarolari 195 ta mamlakatga vizasiz borish huquqiga ega.

2024 yilda ham, odatdagidek, reytingda yuqori o‘rinlarni asosan Yevropa Ittifoqi davlatlarining pasportlari band qilgan:

  • 1-o‘rin. Singapur – 195 ta davlat;
  • 2-o‘rin. Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Italiya, Ispaniya – 194 ta davlat;
  • 3-o‘rin. Finlandiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, Lyuksemburg, Avstriya, Irlandiya, Shvetsiya, – 193 ta davlat;
  • 4-o‘rin. Belgiya, Daniya, Buyuk Britaniya – 192 ta davlat;
  • 5-o‘rin. Portugaliya, Shveytsariya – 191 ta davlat.

Shuningdek, Kanada pasporti bilan 189 ta davlatga, AQSh pasporti bilan 188 ta davlatga, BAA pasporti bilan 187 ta davlatga, Malayziya pasporti bilan esa 183 ta davlatga beruxsat kirib boraverish mumkin.

Sobiq ittifoq respublikalari orasida Litva va Estoniya (har ikkala davlat 9-o‘rinni band etgan, ushbu davlat fuqarolari 187 ta davlatga vizasiz borish huquqiga ega) hamda Latviya (10-o‘rin, 186 ta davlat) eng yaxshi ko‘rsatkichga ega.

Ukraina pasporti 149 ta davlat, Gruziya pasporti 122 ta davlat, Rossiya pasporti 120 ta davlat, Turkiya pasporti esa 118 ta davlatga vizasiz kirish huquqini beradi.

Markaziy Osiyo respublikalarining pasport reytingi quyidagicha:

  • 67-o‘rin. Qozog‘iston – 79 ta davlat;
  • 78-o‘rin. Qirg‘iziston – 65 ta davlat;
  • 79-o‘rin. O‘zbekiston – 64 ta davlat;
  • 82-o‘rin. Tojikiston – 60 ta davlat;
  • 90-o‘rin. Turkmaniston – 52 ta davlat.

Reytingni 28 ta davlatga vizasiz kirish imkonini berishi bilan Afg‘oniston pasporti yakunlab beradi. Undan avvalgi o‘rinlarda Suriya (29), Iroq (31), Pokiston (34) va Yaman (35) fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar qayd etilgan.

Mavzuga oid