Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ayrim fuqarolar jamoat transportidan bepul foydalanadi – uning tartibi qanday?
1 maydan O‘zbekistonning barcha shaharlarida ayrim toifadagi fuqarolarga yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishi uchun imtiyozli transport kartasini berish boshlandi. Uni qayerdan, qanday tartibda olish mumkin? Imtiyozli kartadan kimlar foydalana oladi?
Foto: Kun.uz
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil sentabr oyida qabul qilgan qaroriga ko‘ra, yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksidan tashqari, shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishi uchun ayrim toifadagi fuqarolarga imtiyozli transport kartalarini berish bo‘yicha tartibi tasdiqlangandi.
Yangi amaliyot dastlab (2023 yil 1 yanvardan) Toshkent va Samarqand shaharlarida, 1 maydan respublikaning barcha shaharlarida joriy etilishi belgilangan.
Imtiyozli transport kartasi kimlarga beriladi?
“Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, quyidagi toifa fuqarolariga shahar jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi berilgan:
- 1941–1945-yillardagi urushda qatnashgan harbiy xizmatchilar;
- 1941–1945-yillardagi urush nogironlari va urushning II guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
- 1941–1945-yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;
- Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar;
- haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
- Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
- nogironligi bo‘lgan ko‘zi ojiz shaxslar va nogironligi bo‘lgan ko‘zi ojiz shaxsga safarlarda hamrohlik qiluvchi shaxs;
- Shuningdek, II jahon urushi yillarida II guruh nogironlariga va nogironligi bo‘lgan ko‘zi ojiz shaxslarga beriladigan imtiyozli transport kartasi ularga safarlarda hamrohlik qiluvchi bir shaxsga ham shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqini beradi.
Qayd etilishicha, haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar, kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarga imtiyozli transport kartalari berilmaydi. Ular harbiy guvohnomasi yoki kontrakt asosida xizmat qiluvchining shaxsiy guvohnomasini ko‘rsatgan taqdirda shahar yo‘lovchilar transportida bepul yurish huquqidan foydalanadi.
Bunday transport kartani qayerdan olish mumkin? Tartibi qanday?
Toifaga kiritilgan fuqarolar bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalarini olish uchun xohishga qarab yo Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalariga, yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat qilishi kerak bo‘ladi.
Murojaat qilingach vakolatli organ shaxsning tegishli toifaga kirishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarini turli axborot tizimlari orqali o‘rganadi. O‘rganish natijasiga asosan imtiyozli transport kartasini berish yoki uni rad etish haqida qaror qabul qilinib, bu haqidagi ma’lumot murojaat qiluvchiga yoki YaIDXPga elektron tarzda yuboriladi.
Imtiyozli transport kartasini berish rad etilgan taqdirda, ma’lumotda rad etish sabablari ko‘rsatiladi. Bu jarayon 2 ish kunida amalga oshirilishi belgilangan.
2 ish kunida imtiyozli transport kartasi berish tasdiqlansa, rasmiylashtirish ishlari olib boriladi. 1 ish kuni davomida karta murojaat qiluvchiga topshiriladi.
Hujjatga ko‘ra, imtiyozli transport kartalarini berish yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun yig‘im undirilmaydi. Transport kartalarini tayyorlash va egasiga yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlar Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Imtiyozli transport kartasi cheklanmagan muddatga beriladi. Uni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
Eski namunada berilgan shahar yo‘lovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalar 2023 yil 1 sentabrga qadar o‘z kuchini saqlab qoladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga ko‘ra, 1 apreldan jamoat transporti uchun yangi, moslashuvchan tariflar joriy etilishi, yo‘lkira narxlari o‘zgarishi ko‘zda tutilgandi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov Kun.uz muxbiri bilan bo‘lgan suhbatida bu muddat kechikmayotganini, yangi avtobuslar kelganidan so‘ng yo‘lkiraning tannarxi chiqarilishi va bu summa e’lon qilinishini aytgandi. Qolaversa, vazir tariflarning o‘zgarishi 15 may sanasiga to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
09:30 / 30.12.2025
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metrosi va avtobuslar harakati vaqti uzaytiriladi
18:01 / 25.12.2025
1 yanvardan Andijon shahridagi avtobuslarda naqd shakldagi to‘lov qabul qilinmaydi
11:26 / 20.12.2025
Sergelida yo‘l ta’miri sabab jamoat transporti yo‘nalishlariga o‘zgarish kiritildi
13:59 / 18.12.2025