Ayollar dunyosi | 15:38 / 08.09.2025
1852
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zini qadrlash - har bir ayol uchun zarur ehtiyoj. U qanday qilib shakllanadi?

Ishonchsizlik, o‘zini ikkinchi o‘ringa qo‘yish, ichki tanqidlar - bu muammolar ko‘pgina ayollarga tanish. Ammo inson o‘zini qadrlamagan joyda sog‘lom munosabatlar ham, shaxsiy rivojlanish ham bo‘lishi qiyin.

Foto: AP

Psixologlar ta’kidlashicha, ayolning o‘ziga bo‘lgan munosabati uning hayot sifatiga bevosita ta’sir qiladi. Shunday ekan, o‘zini qadrlashni qanday shakllantirish mumkin? Salbiy fikrlardan qanday xalos bo‘lish kerak? Va eng muhimi — o‘z ehtiyojlaringizni qanday qilib unutib qo‘ymaslik mumkin?

Men kimman?” — o‘zini qadrlashni boshlash

Psixologlar fikricha: inson o‘zini qabul qilmagani uchun ko‘pincha tashqi baholarga bog‘liq holda yashaydi. Odamlarning fikri, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini boshqalar bilan solishtirishlar, aybdorlik hissi, “men kerakmanmi?” degan savollar ayolning ichki dunyosida tinchlik bermaydi.

Bundan qanday chiqish mumkin?

  • Har kuni o‘zingizga “Menga nima kerak?”, “Men bugun o‘zim uchun nima qildim?” degan savolni bering. Bu sizga diqqatni ichki ehtiyojlaringizga qaratishga yordam beradi.
  • Kamtarlik va o‘zini past ko‘rishni bir xil deb o‘ylamang. Kamtarlik bu — o‘z qadringizni bilib, boshqalarga ham hurmat bilan munosabatda bo‘lish. O‘zini past ko‘rish esa — bu ichki tanqid va qiynoq.

Sizga singdirilgan salbiy fikrlar

“Men yaxshi ona emasman”, “men bu ishni eplay olmayman”, “men yaxshi ko‘rishga arzimayman” kabi fikrlar ko‘pincha bolalikdagi muhit, maktabda yoki avvalgi munosabatlar ta’sirida shakllanadi. Vaqt o‘tishi bilan ular “ichki ovoz”ga aylanadi.

“Fikrni to‘xtatish” psixologik usuli bilan salbiy fikrni aniqlang. Masalan: “Men buni eplay olmayman” degan. O‘zingizdan savol bering: Bu fikrga dalil bormi? Yoki bu shubha, qo‘rquvmi? O‘zgartirilgan shaklda takrorlang: “Men bunga harakat qilyapman, demak, o‘rganaman va eplay olaman” deb.

Hammaga yordam berib, o‘zingizni unutib qo‘ymang. Ko‘pincha ayollar oilasi, bolalari, ishi, qarindoshlari uchun yashaydi, lekin o‘zini unutadi. Bu esa asta-sekin charchoq, ranjish, hatto ruhiy tushkunlikka olib keladi.

Hayotingizda “o‘zingiz uchun” vaqt bo‘lishi shart:

  • Har hafta kamida bir soatni faqat o‘zingizga bag‘ishlang: kitob, tinchlik, sayr, ijod, fitnes — siz uchun muhim bo‘lgan faoliyat.
  • Hamma narsaga “Ha” deyishdan oldin “men xohlaymanmi?” deb so‘rashni odat qiling.
  • Ehtiyojlaringizni kechiktirmang. Ular ham muhim.

Ruhiy holatni barqaror ushlash uchun ayolga tinchlik kerak. Bu ko‘pincha tashqi muhitga emas, ichki dunyoning sokinligiga bog‘liq. Hatto 5 daqiqa chuqur nafas olib, hozirgi lahzaga qaytish ham ruhiy holatni yaxshi tarafga o‘zgartiradi.

Masalan, buning uchun oddiy mashq: ko‘zlaringizni yuming va 5 marta chuqur nafas oling. Tanangizni his qiling — qo‘llaringiz, yuragingiz, nafasingiz. O‘zingizga shunday deb ayting: “Men xotirjamman. Men kuchliman”.

O‘zini qadrlash bu — moddiy narsa yoki tashqi ko‘rinish emas. Bu “Men o‘zimni hurmat qilaman. Men qimmatli insonman” degan ichki qaror. Bu bilan siz to‘g‘ri munosabatlarga, to‘liq baxt hissiga, vaqtni keraksiz narsalarga emas, kerakli ishlarga bag‘ishlashga, boshqalar bilan sog‘lom chegaralar o‘rnatishga erishasiz.

Hayotimizda hech kim o‘zgarishlarni yaratib bermaydi, hammasini o‘zimiz yaratamiz. Va bu yo‘lning eng birinchi qadami — o‘zini qadrlash.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid