Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘larni yaroqsiz deb topish tartibi ma'lum bo‘ldi
Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Belgilanishicha, Nizom talablari bog‘ yoki tokzori mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga nisbatan tatbiq etiladi, dehqon xo‘jaliklari bundan mustasno.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi 2020 yildan boshlab har yili 1 oktyabrga qadar:
iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzor maydonlarining manzilli ro‘yxatini shakllantiradi;
yaroqsiz deb topilgan iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bog‘ va tokzorlar o‘rnida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo qilish yoki ularni haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish hamda eksportbop va serdaromad qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish choralarini ko‘radi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi yaroqsiz deb topilgan kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlar o‘rnida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo qilish bo‘yicha qat'iy nazorat o‘rnatadi.
Nizomga ko‘ra, iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ularning o‘rnida intensiv bog‘ yoki tokzorlar barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
Fermer xo‘jaliklari yoki boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlarining iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlarini yaroqsiz deb topish, ularning o‘rnida intensiv bog‘ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish tuman (shahar) hokimliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Komissiya 2020 yildan boshlab har yili 1 oktyabrga qadar iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ yoki tokzor maydonlarining manzilli ro‘yxatini shakllantiradi.
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ yoki tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ularning o‘rnida intensiv bog‘, tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish quyidagilar asosida amalga oshiriladi:
a) bog‘ yoki tokzorning hosildorligi, ekilgan mevali daraxt yoki tok ko‘chatlarining tuproq-iqlim sharoitiga mosligi, turi, navi, yoshini tahlil qilish - tuman (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limi, tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tuman (Quvasoy shahar) bo‘limi tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan;
b) bog‘ yoki tokzorning yaxlit konturda ekilganligini tahlil qilish (bir konturda bir xil ekin turi ekilganligi) - tuman (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limi va tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan;
v) mevali daraxt yoki tok ko‘chatlari nav mualliflari tomonidan tavsiya etilgan ekish sxemasiga mos ekilganligi, mavjud ko‘chat soni, shundan yaroqsiz ko‘chat sonini tahlil qilish - tuman (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limi, tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, Inspeksiyaning tuman (Quvasoy shahar) bo‘limi, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan;
g) bog‘ yoki tokzorda belgilangan agrotexnik tadbirlarning bajarilganligini tahlil qilish (organik va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, sug‘orish, qator oralariga ishlov berish, tekislash, kasallik va zararkunandalarga qarshi ishlov berish, daraxtlarga shakl berish, shuningdek, tokzorlarda - xomtok qilish, kesish, ko‘mish, yaxob suvi berish va boshqa tadbirlar) - tuman (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limi, tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan;
d) meva yoki uzum mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlar hamda qayta ishlovchi, tayyorlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlar bilan tuzilgan (fyuchers) shartnomasi shartlari bajarilishi, mahsulot sotishdan tushgan mablag‘larning bank hisobvaraqlari orqali aylanishi, debitor-kreditor qarzdorliklar va moliyaviy holatini tahlil qilish - tuman (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limi, tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, tuman statistika bo‘limi, tijorat banklari, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan;
ye) yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganda;
yo) bog‘ yoki tokzordan oqilona foydalanilmaganda, hosildorlik ko‘rsatkichi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lganda;
j) yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda;
z) qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yer solig‘i, shuningdek, ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi muntazam to‘lanmay kelinganda.
Mavzuga oid
12:22 / 23.12.2024
Kurash trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilish yo‘lga qo‘yiladi
11:18 / 27.11.2024
Milliy simfonik orkestri xodimlari maoshi oshiriladi
16:31 / 25.11.2024
Xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga kiritildi
11:04 / 19.11.2024