Jahon | 14:47 / 20.12.2025
3853
2 daqiqa o‘qiladi

Tayvanda qurolli hujum uyushtirgan shaxs o‘ndan ortiq odamni pichoqladi

Tayvan poytaxti Taypey shahrida niqobli shaxs ko‘chada va metro bekatlarida granata va pichoq bilan odamlarga hujum qildi. Oqibatda kamida 3 kishi halok bo‘lib, 11 kishi jarohatlandi.

Foto: Anadolu / Getty Images

Jinoyatchi 19 dekabr, mahalliy vaqt bilan soat 17:20 lar atrofida avvaliga metroning yo‘lovchilar gavjum bekatlaridan biriga tutunli granatalar va Molotov kokteyllarini uloqtirgan. Keyin metroning 800 metr naridagi boshqa bir bekatiga qarab yugurib, yo‘lida bir necha kishini pichoqlab ketgan. Ikkinchi bekatga borgach, u yerga ham granatalar tashlagan va odamlarga pichoq bilan hujum qilgan.

27 yoshli erkak hujumdan keyin yaqin atrofdagi bino tomidan sakrab, kasalxonaga olib borilganida vafot etgan. Shu bilan halok bo‘lganlar soni 4 nafarni tashkil etmoqda.

Qurbonlardan biri – qotilni to‘xtatishga uringan erkak ekani aytilyapti, u keyinchalik shifoxonada jon bergan.

Gumondor – Chang Ven ismli Tayvan fuqarosi. Mamlakat bosh vaziri Cho Jung hujumni “qasddan qilingan harakat” deb atagan. Tergovning dastlabki versiyasiga ko‘ra, u yolg‘iz o‘zi harakat qilgan.

Hodisadan keyin mamlakat bo‘ylab temiryo‘l va metro bekatlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Qayd etish lozim, Tayvanda zo‘ravonlik jinoyatlari sur’ati ancha past, bunday holatlar ushbu mamlakatda kamdan kam kuzatiladi. Shunga o‘xshash oxirgi voqea 2014 yilda bo‘lgan, o‘shanda bir erkak Taypey metrosida to‘rt kishini o‘ldirgan, oradan ikki yil o‘tib u qatl etilgan.

Mavzuga oid