Davlat OAV xabar berishicha, Si Trampni orolga qurol yetkazib berishda “ehtiyotkor” bo‘lishga chaqirgan. U Vashington bilan aloqalarga “katta ahamiyat” qaratishini ta’kidlab, ikki tomon kelishmovchiliklarni hal etish yo‘llarini topishiga umid bildirgan.

Tramp esa chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan suhbatni “juda yaxshi”, “uzoq va batafsil” deb baholadi.

Bu qo‘ng‘iroq so‘nggi oylarda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni ham o‘z ichiga olgan g‘arb rahbarlarining Xitoyga tashriflari ortidan amalga oshdi. Ular dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti bilan munosabatlarni qayta yo‘lga qo‘yishga harakat qilmoqda.

Trampning o‘zi ham aprel oyida Xitoyga tashrif buyurishi kutilmoqda. U bu safarni “juda intizorlik bilan kutayotganini” aytdi.

Shuningdek, u Pekin AQShdan soya sotib olish hajmini hozirgi 12 million tonnadan 20 million tonnagacha oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirdi.

“Xitoy bilan munosabatlarimiz, hamda mening rais Si bilan shaxsiy munosabatlarim juda yaxshi. Biz bu holatni saqlab qolish qanchalik muhimligini yaxshi tushunamiz”, — deb yozdi Tramp Truth Social tarmog‘ida.

Tayvandan tashqari, Tramp va Si Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, Erondagi vaziyat hamda Xitoyning AQShdan neft va gaz sotib olishi masalalarini ham muhokama qilgan.

Si Tayvanni “Xitoy hududi” deb atab, Pekin “uning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishi shart”ligini bildirdi.

“AQSh Tayvanga qurol sotish masalasini ehtiyotkorlik bilan hal qilishi kerak”, — dedi u.

Xitoy uzoq yillardan beri Tayvan bilan “qayta birlashish”ni va’da qilib keladi va bunda kuch ishlatish imkoniyatini ham istisno etmagan.

AQSh rasman Pekin bilan diplomatik munosabatlarga ega, Tayvan bilan emas va o‘nlab yillar davomida murakkab diplomatik muvozanatni saqlab kelmoqda. Shu bilan birga, Vashington Tayvanning muhim ittifoqchisi bo‘lib qolmoqda va orolning eng yirik qurol yetkazib beruvchisi hisoblanadi.

2025 yil dekabrida Tramp ma’muriyati Tayvanga taxminan 11 milliard dollarlik yirik qurol savdosini e’lon qilgan edi. Unga ilg‘or raketalar, o‘ziyurar gaubitsalar va turli turdagi raketa tizimlari kirgan.

Pekin o‘shanda buni “Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashga urinish” deb atab, bu “Tayvan bo‘g‘ozi orqali xavfli va zo‘ravon vaziyatni tezlashtiradi” deb bildirgan edi.