O‘zbekiston | 22:26 / 11.06.2018
5628
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona vodiysi shaharlarida Open Air dasturiga start beriladi

20-26 iyun kunlari Farg‘ona vodiysining to‘rt shahrida - Namangan, Andijon, Farg‘ona va Qo‘qonda Open Air–Oltin Vodiy konsertlari bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston milliy simfonik orkestri, dirijyor Alibek Kabdurahmonov rahbarligidagi xonandalar, musiqachilar tomoshabinlarni jonli musiqa sadolari bilan shod etishadi.

Kontsertlar o‘tadigan joylar sifatida zamonaviy teatrlar va qadimiy me'morchilik yodgorliklari oldidagi markaziy maydonlari tanlangan.

  • Namanganda - Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatri oldidagi maydonda;
  • Andijonda - "Andijon Registoni"da;
  • Farg‘onada - I.Karimov nomidagi teatr va konsert saroyi oldidagi maydonda;
  • Qo‘qonda - Xudoyorxon saroyi oldidagi maydonda.

Maydonlarda 1,5 ming kishiga mo‘ljallangan yozgi konsert zallari tashkil qilinadi. Sahnalar katta ekranlar va yorug‘lik uskunalari bilan jihozlangan, oqshom mavzusiga muvofiq bezatilgan.

Kontsert dasturlari har bir hudud xususiyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Dasturdan mashhur filmlar - "Mahallada duv-duv gap", "Maftuningman", "Chinor ostidagi duel" saundtreklari, turk seriallari musiqalaridan popurri, Botir Zokirov va Muslim Magamayev repertuarlaridan qo‘shiqlar, Chaykovskiy va Motsart asarlari, Andijon polkasi va Xorazm lazgisi kabilar o‘rin olgan.

Open Air – ochiq osmon ostida o‘tkaziladigan klassik konsert formati, u dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mashhur, O‘zbekiston uchun esa mutlaqo yangi va noodatiy formatdir. Musiqiy loyiha  maqsadi - O‘zbekistonda klassik va jonli musiqa tinglovchilari doirasini kengaytirish.

Mavzuga oid