Ta’lim | 21:05 / 15.11.2025
6881
9 daqiqa o‘qiladi

“Maqsadni katta qo‘yib, qo‘rqmaslik kerak" – Harvardning o‘zbek magistranti bilan suhbat

Sherzod Omonov Andijon viloyatida tug‘ilib o‘sgan. Hozirda Harvardning huquqshunoslik maktabi magistraturasida o‘qiydi. Sherzod o‘zining muvaffaqiyatlariga ingliz tilini yaxshiroq o‘rgangani ham bir sabab bo‘lganini aytadi. “Tilni bilganingizdan keyin boshqa imkoniyatlarni ham ko‘rib qolasiz”, – deydi u Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Harvard universitetiga har yili dunyoning turli burchagidan 50 mingdan ziyod odam hujjat topshiradi, ammo shundan atigi 3-4 foizi o‘qishga qabul qilinadi. Andijonlik Sherzod Omonov esa ana shu kamsonli talabalardan biri.

U 2024 yilda Harvardning Huquqshunoslik maktabiga to‘liq moliyaviy yordam, ya’ni hech qanday kontrakt to‘lovlarsiz, bepul o‘qish uchun qabul qilingan. U Kun.uz'ga bergan intervyusida Harvardgacha bo‘lgan yo‘li haqida gapirib beradi.

“Perfeksionizm hayotimga ta’sir qilgan”

Andijon shahrida tug‘ilganman va bolalikning asosiy qismini shu yerda o‘tkazganman. Maktabda juda sho‘x bo‘lganman, lekin baholarim ham yaxshi bo‘lgan. Onam juda talabchan inson. Oilamiz o‘zi kichkina, shuning uchun hayotimda onamning roli juda katta bo‘lgan. Misol uchun, hozirgacha esimda, birorta vazifani daftarga yozsam va u xunuk bo‘lib qolsa, onam yirtib tashlab, qayta yozdirardi. Natijada menda perfeksionizm shakllangan. Bu keyinchalik hayotimga ham ta’sir qilishni boshlagan. Nima ish qilsam ham shu birinchisi bo‘lishim kerak, degan ichki tuyg‘u paydo bo‘lib qolgan.

Maktabni bitirib, litseyga topshirganman. Biroq u vaqtda aniq bir maqsad, katta ambitsiyalar bo‘lmagan, to‘g‘risi. Chunki nima qilishni ham bilmasdim, shuning uchun litseyga topshirgandim. Qizig‘i, birinchi bo‘lib aniq fanlar yo‘nalishiga topshirganman, chunki uydagilar, qarindosh-urug‘lar shuni maslahat bergan. Lekin litseyda aniq fanlar yo‘nalishiga kira olmaganman. Ingliz tilini ozgina bilardim. Maktab davrida repetitorga borardim va natijada litseyda meni xorijiy filologiya yo‘nalishiga qabul qilishdi. Keyin maktabdagi sinfdoshim bilan birga Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga tayyorlanishni boshladik. Birinchi urinishim omadsiz chiqdi, kirishimga 13 ball yetmadi. Ikkinchi urinishda esa uddaladim.

“Til bilish qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ochadi”

Yuridik universitetiga kirganimdan keyin asosiy ish hal bo‘ldi, endi sal dam olsam ham bo‘ladi, degan xayol kelgan. Lekin o‘qish boshlangandan keyin boshqa talabalarni ko‘rdimki, ular juda iqtidorli edi. O‘zimni juda past darajada ko‘rdim. Ularning darajasiga yetishim uchun yana ham ko‘proq mehnat qilishim haqida tushunib yetdim. Aniq esimda, birinchi kursligimizda hatto 5-6 nafar talabaning IELTS’i 8 ball edi. Birinchi kursning oxiriga kelib, o‘z oldimga katta maqsad qo‘ydim: yaxshiroq natijalar,  ko‘proq imkoniyatlar eshigi ochilishi uchun ingliz tilini chuqurroq o‘rganaman dedim. Ichimdan albatta chet elda o‘qishim kerak, degan tuyg‘u ham o‘tgan.

2-kursda COVID-19 sabab karantin boshlanib qoldi. Bizda esa darslar onlayn formatga o‘tkazildi. Bundan samarali foydalanishni boshladim. Faqat ingliz tiliga urg‘u berib, kuniga, 10 tadan so‘zni yodlab, ularni HelloTalk ilovasi orqali ishlatishni boshladim. 3-4 oy davomida shuni qilib keldim, sezilarli o‘zgarishlarni sezdim. Ingliz tilini bilganingizdan keyin qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rishni boshlaysiz,  masalan, qaysidir kanallarda almashinuv dasturlarini ko‘rib qolasiz.

3-kurs boshlandi. Shunda bir tanishim almashinuv dasturi, ya’ni Global UGRAD haqida gapirib qoldi. Dastur bakalavriat talabalariga bir semestr davomida to‘liq moliyalashtirilgan holda AQShda o‘qish imkoniyatini berardi. Birinchi topshirishim o‘xshamadi, o‘ta olmadim. Keyin UGRAD haqidagi barcha videolarni ko‘rib chiqdim, oldin qatnashgan ishtirokchilarni topib, ularning suhbatini, tavsiyalarini olib, keyin yana topshirdim. Bu safar qabul qilishdi.  Shunday qilib, dastur sabab G‘arbiy Virjiniya universitetida bir semestr davomida o‘qib kelish imkoni bo‘ldi.

Magistraturani Harvardda o‘qish uchun nima qilish kerak?

UGRAD dasturini o‘qib kelganimdan keyin o‘zimga ishonchim ham osha boshladi. Buni uddaladim, yana ham kattaroq natijaga harakat qilib ko‘rishim kerak degan tuyg‘u paydo bo‘ldi. Shunda magistratura dasturlari bo‘yicha izlanishni boshladim. Top-100 ta universitetlarni qaradim. Harvardga ham ko‘zim tushgandi. Talablarini qarasam, TOEFL bilan qabul qilarkan. UGRAD’ga TOEFL topshirib borgandim. Shunda tajribam bor, yana ham yaxshiroq tayyorlansam, balandroq ball olaman va topshirish imkoniyatim bo‘larkan, deb o‘yladim

Bunda ham kirganlar qanaqa maslahatlar beradi, deb YouTube’da videolar ko‘rishni boshladim. Harvard universitetining veb-saytlarini ham kuzatishni boshladim, u yerda statistikalarni ko‘rdim. Huquq maktabida o‘zbek talabalar deyarli yo‘q. Ya’ni oldin o‘qigan bo‘lsa ham juda sanoqli, chiqsa balki to‘rt yoki besh nafar chiqar.

Harvardga 2023 yil dekabrida topshirdim va 2024 yil martida o‘qishga qabul qilinganim haqida bildim. Natija chiqqani esimda, ishdan chiqib bekatda edim. 15 kundan keyin moliyaviy yordam xatini olganman. Bir vaqtning o‘zida chiqmagan. O‘shanda 100% moliyaviy yordam haqida ham xabar kelgan.

Qabul talablarida birinchi navbatda, ingliz tiliga e’tibor berishadi. Ya’ni TOEFL eng kami 100 ball bo‘lishi kerak va har bir TOEFL seksiyasi 25 dan kam bo‘lmasligi kerak.  Shuningdek, akkreditatsiyadan o‘tgan universitetning yuridik diplomiga ega bo‘lish lozim edi. Undan tashqari, ikkita tavsiyanoma ham kerak. Yana 2 ta qismga bo‘linadigan insho bor. Inshoning birinchisida biror yuridik muammoni yoritib berishingiz kerak bo‘ladi. Ikkinchisi esa o‘zingiz haqingizda bo‘ladi, hayotingiz, sizni nima boshqalardan ajratib turadi, nima uchun aynan Harvard sizni qabul qilishi kerak degan mazmunda.

Bir narsani yodda tutishni maslahat bergan bo‘lardim. Agar top universitetni tanlagan bo‘lsangiz, siz topshirayotgan yo‘nalishga minglab boshqa talabalar ham topshiradi. Xo‘sh, bularning ichida siz qaysi jihatingiz bilan ajralib turasiz? Chunki sizni komissiya a’zosi ko‘rmaydi, u sizni faqat xatlaringiz orqali biladi. Shunda aynan nimani gapirishingiz juda muhim bo‘lib qoladi. Tavsiyanomalar ham xuddi shunday. Ko‘pchilikdan eshitaman, tavsiyanomani katta bir rahbardan olishim kerak yoki biror vazirdan olishim kerak degan fikrlar bildirishadi. Aslida unday emas. Amerikada ko‘proq kontentni qadrlashadi, ya’ni kim bo‘lishidan qat’i nazar siz haqingizdagi insonlarning fikri muhim. Shunga urg‘u bergan bo‘lardim. Undan tashqari, ingliz tiliga ko‘proq ahamiyat berishni maslahat bergan bo‘lardim.

Universitetdan moliyaviy yordamni qanday olish mumkin?

Harvardda “scholarship” degan narsa yo‘q. Bu yerda faqat “financial aid”, ya’ni moliyaviy yordam ehtiyojingizdan kelib chiqib beriladi. Harvardda moliyaviy yordam haqiqiy ehtiyojlaringizdan kelib chiqib beriladi. Ariza topshirgan paytingizda alohida moliyaviy ariza ham to‘ldirasiz va u yerda yillik daromadingizni ko‘rsatasiz. Soliq qancha to‘laysiz, yashash xarajatingiz, asosiy xarajatingiz, qanaqa moliyaviy boshqa majburiyatlaringiz bor – hammasini ko‘rsatib o‘tasiz. Shundan kelib chiqib, ular sizga moliyaviy yordam ajratishadi. O‘zbekistonda ishlayotgan bo‘lsangiz, aytaylik, oyligingiz oyiga 10 million so‘m atrofida bo‘lsa, katta ehtimol bilan 100% moliyaviy yordam olasiz.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.. Suhbat davomida qahramonimiz nima sabab aynan Harvardni tanlagani, AQShdagi hozirgi hayoti, kelgusi rejalari haqida gapirib bergan.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Montaj ustasi Shohruz Abdurayimov.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid