Jahon | 22:26 / 03.02.2026
953
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Harvarddan milliard dollar «tovon puli» talab qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp sud orqali Harvard universitetidan milliard dollar «kompensatsiya» talab qilmoqda. Prezident va nufuzli o‘quv dargohi o‘rtasidagi mojaro qariyb bir yildan beri davom etmoqda.

Foto: Getty images

«Biz yetkazilgan zararni qoplash uchun bir milliard dollar talab qilamiz va kelajakda Harvard universiteti bilan hech qanday aloqaga ega bo‘lishni istamaymiz», deb yozdi Tramp 2 fevral kuni Truth Social veb-saytida.

BBC xabariga ko‘ra, prezident ma’muriyati universitetni sudga bergan-bermagani va Harvard Trampga aynan qanday zarar yetkazgani aniq emas. AQSh prezidenti bu postni New York Times (NYT) gazetasi Oq uyning universitet bilan ziddiyati haqidagi materialni chop etganidan bir necha soat o‘tib e’lon qildi.

Maqolada aytilishicha, Tramp ma’muriyati universitetdan professional ta’lim shartnomasi doirasida 200 mln dollar to‘lashni talab qilishni to‘xtatgan. Material to‘rtta anonim manba - Harvard va ma’muriyatdan olingan.

Tramp ma’muriyati va Harvard universiteti bir necha oydan buyon professional ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha kelishib olishga harakat qilmoqda.

Universitet, New York Times yozganidek, bunday dasturlar uchun 500 million dollar ajratishga tayyorligini bildirdi. 2 fevral kuni NYT dastlab Tramp ma’muriyati ushbu summadan 200 mln dollarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumatga to‘lashni talab qilgani, ammo endi bu talabdan voz kechishga tayyorligini yozdi. Tramp o‘z ijtimoiy tarmog‘ida bu xabarlarni rad etmoqda.

«Ular [Harvard] professional tayyorgarlikning chalkash konsepsiyasini joriy qilmoqchi bo‘ldi, biroq uni mutlaqo noadekvat va muvaffaqiyatga erishish imkoniyatiga ega emas, deb rad etishdi», deb yozdi Tramp.

AQSh prezidentining qo‘shimcha qilishicha, universitetga qarshi ish «fuqarolik emas, jinoiy» bo‘lishi kerak. Gap qanday qonunbuzarliklar haqida ketayotganiga Tramp aniqlik kiritmagan. U Oq uy Harvardning qaysi harakatlari uchun kompensatsiya sifatida milliard dollar talab qilayotgani haqida ham gapirmadi.

2025 yil aprel oyida AQSh prezidenti ma’muriyati Amerikaning bir qator universitetlariga, shu jumladan Harvardga bir qator talablar, jumladan, «qarashlar auditi» bo‘yicha xat yubordi.

Oq uyning fikricha, bu ta’lim muassasalarida antisemitizm avj olgan va ular 1964 yildagi Fuqarolik huquqlari to‘g‘risidagi qonunning VI bobida kafolatlangan kamsitishga qarshi tamoyillarga amal qilmaydi. Prezident ma’muriyati talablarni bajarishdan bosh tortganlar uchun federal moliyalashtirishni to‘xtatish bilan tahdid qildi.

Harvard Trampning talablariga bo‘ysunmadi va 2,2 mlrd dollarlik federal grantlardan mahrum bo‘ldi.

Aprel oyida Harvard sudga murojaat qilib, hech qanday hukumat «xususiy universitetlar nimani o‘rgatishi, kimlarni ishga olishi va ro‘yxatdan o‘tkazishi va qaysi ilmiy tadqiqot sohalarini o‘rganishi mumkinligini belgilay olmasligini» ta’kidladi. Sentabr oyida sud universitet foydasiga qaror chiqardi.

Oktyabr oyida Tramp Harvard 500 mln dollar to‘lashga va kasbiy tayyorgarlik dasturlarini ochishga rozi bo‘lganini aytdi.

Oq uy dekabr oyida sud qarori ustidan apellyatsiya berdi.

Shuningdek, Tramp Harvardni soliq imtiyozlaridan mahrum qilish va federal mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan tadqiqotlar doirasida yaratilgan patentlarga bo‘lgan huquqlarni universitetdan olib qo‘yish bilan tahdid qildi.

Yana uchta universitet - Kolumbiya, Pensilvaniya va Braun - Tramp bilan sudlashishdan ko‘ra, federal moliyalashtirishni saqlab qolish uchun u bilan kelishib olishni afzal ko‘rdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid