O‘zbekiston | 17:37 / 27.02.2023
5887
6 daqiqa o‘qiladi

Nogironlar mansabdor shaxslar qabuliga navbatsiz kiradi – prezident qarori 

2023/2024 o‘quv yiliga qabul jarayonidan boshlab qabul tartibi, test sinovlari to‘g‘risida abituriyentlarga ma’lumot berish uchun tayyorlanadigan materiallar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda bo‘ladi. Jumladan, videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etiladi. 

Foto: Maksim Bogodvid

Prezident “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qaror bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarga bir qator yengilliklar berilmoqda.

Hujjat bilan nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish muassasalari uskunalarini modernizatsiya qilish, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar hamda ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolarga davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyozlar berish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash va ularga yuridik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash darajasini 60 foizga yetkazish belgilangan. Mazkur ko‘rsatkichga erishish doirasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 2023 yilda muhtoj shaxslarni xorijiy texnologiyalar asosida tayyorlangan sifatli zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari, shu jumladan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul ta’minlaydi.

Qaror bilan 2023 yil 1 sentabrdan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilinmoqda. 

Bunda:

  • fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish
  • va nogironlikni belgilash bilan bir vaqtda tegishli protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun tibbiy xulosa tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritiladi;
  • protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun talab etiladigan tibbiy xulosaning mavjudligi o‘zaro axborot almashinuvi orqali aniqlanadi;
  • “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritilgan tibbiy xulosa asosida mazkur axborot tizimiga integratsiya qilingan “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasida nogironligi belgilangan shaxsning murojaati (shu jumladan, elektron tartibda) asosida protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun elektron sertifikat shakllantiriladi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi orqali shu jumladan zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda joriy etiladigan shaffof elektron navbat doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ustuvorlik beriladi. Bunda, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash uchun so‘rovnomalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatidan bitta so‘rovnoma va umumiy ro‘yxatdan bitta so‘rovnoma tartibida navbatma-navbat shakllantiriladi.

Qarorda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi (yo‘lda kuzatib boruvchi) bir nafar fuqaro uchun davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat muassasalarida fuqarolarning bevosita hozirligida (joyida) ko‘rsatiladigan xizmatlardan navbatsiz foydalanish, davlat idoralari rahbarlari (mansabdor shaxslari) qabuliga navbatsiz kirish bo‘yicha imtiyoz berilishi ham belgilab qo‘yildi. 

Shuningdek, 2023 yil 1 maydan boshlab tibbiyot muassasalarida davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilish uchun shu muassasada uning otasi yoki onasiga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga) yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a’zosiga nogironligi bo‘lgan bolaning yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratiladi. Jumladan, statsionar tibbiyot muassasalarida nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan shaxsga mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va boshqalar) uchun davolash davrida davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yiladi.

Qaror bilan pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan bolalarning nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilishi asosli ekanini aniqlash maqsadida ularni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlarining yo‘llanmasiga asosan qaytadan tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibi ham bekor qilinmoqda. 

Bundan tashqari, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab “Maxsus pedagogika, defektologiya” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi. 2023/2024 o‘quv yiliga qabul jarayonidan boshlab qabul tartibi, test sinovlari to‘g‘risida abituriyentlarga ma’lumot berish uchun tayyorlanadigan materiallar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda bo‘lishi, jumladan videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi ta’minlanadi.

Mavzuga oid